Internetda Bojxona qo‘mitasi nomidan soxta sahifalar ochib fuqarolar pullarini o‘zlashtirib kelgan jinoiy guruh qo‘lga olindi. Bu haqida Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xabar berdi.
Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan olib borilgan tadbir davomida Telegram va Instagram ijtimoiy tarmoqlarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi nomidan soxta kanal va guruhlar ochib, fuqarolarning pul mablag‘larini o‘zlashtirib kelgan jinoiy guruh fosh etilib, guruh a’zolari qo‘lga olingan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Andijon viloyatida yashovchi 22-25 yoshli 5 nafar shaxs joriy yil boshida jinoiy reja tuzib, Telegram va Instagram tarmoqlarida bojxona tizimi nomidan «Musodara tovarlar» va «Optom sklad» nomlari ostida kanal va guruhlar tashkil qilgan.
Mazkur guruhlarda «Bojxona qo‘mitasi admini», «Ishonch siz bilan» kabi o‘nga yaqin soxta akkauntlar orqali o‘zlarini go‘yoki tizim xodimlari sifatida tanishtirib kelgan. Ular maishiy texnika, muzlatkich va televizorlar, isitish qozonlari, oshxona va bolalar mebellari, turli gadjetlar, jumladan iPhone telefonlarining so‘nggi modellari hamda kiyim-kechaklarni juda arzon narxlarda taklif qilib, aslida mavjud bo‘lmagan motoskuterlargacha yetkazib berishni va’da qilgan.
To‘lovlarning ma’lum qismi esa o‘zgalarning nomiga rasmiylashtirilgan bank kartalar orqali qabul qilingan. Natijada jinoiy guruh a’zolari dastlabki tergovga qadar jami 60 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, firibgarlik yo‘li bilan 117 million so‘m pul mablag‘lari o‘zlashtirilgan va pullarni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
Mahsulotni talab qilgan yoki qayta aloqaga chiqqan jabrlanuvchilar esa javobsiz qoldirilib, ijtimoiy tarmoqlarda «qora ro‘yxat»ga kiritilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b» va «g» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom ettirilib, fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararlarni qoplash choralari ko‘rilmoqda.