Bugun O‘zbekiston jahon mamlakatlari va Xalqaro tashkilotlar bilan doimiy hamkorlik qilib kelmoqda. Hamkorlik geografiyasi yil sayin kengayib boryapti. Jumladan, 2018 yil holatiga ko‘ra, O‘zbekistonni 180 ga yaqin davlatlar tan oldi. Shulardan 134 tasi bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. O‘zbekiston yuzdan ortiq xalqaro tashkilotlar a’zosidir. Yurtimizning ana shunday xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarida Birlashgan Millatlar Tashkiloti muhim ahamiyat kasb etadi.
TASHKILOTNING TA’SIS ETILISHI
Er yuzida tinchlikni mustahkamlash va xavfsizlikni ta’minlash, davlatlarning o‘zaro hamkorligini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) 1945 yilda tuzildi. Uni barpo etish haqidagi qaror Sobiq ittifoq, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Buyuk Britaniya va Xitoy tashqi ishlar vazirlarining Moskvadagi kengashida – 1943 yilda qabul qilingandi.
Oradan ikki yil o‘tib, San-Fransisko konferensiyasida uning ustavi qabul qilindi. BMT ustaviga dastlab 51 davlat imzo chekkan bo‘lsa, hozirda ularning soni 193 taga yetdi.
Xalqaro tashkilotning doimiy ish o‘rni (shtab-kvartirasi) Nyu-York shahrida joylashgan. BMT o‘z a’zolarining suveren tengligiga asoslanadi, ularning ichki ishlariga aralashmaydi.
Uning Ustavida qayd etilgan barcha majburiyatlarni zimmasiga oladigan davlatlar tashkilotga a’zo bo‘la oladilar. Yangi a’zolar BMT Xavfsizlik Kengashi tavsiyasiga muvofiq, Bosh assambleya qarori bilan qabul qilinadi. BMT sessiyasi yilda bir marta chaqiriladi. Uning rasmiy tillari – ingliz, fransuz, rus, xitoy, ispan va arab tillaridir.
BIRLASHGAN MILLATLAR TASHKILOTI KUNI
BMT Bosh Assambleyasining 2-sessiyasi qarori (168-sonli rezolyusiya)ga ko‘ra 1948 yildan boshlab har yili 24-oktyabr Birlashgan Millatlar Tashkiloti kuni sifatida nishonlanadigan bo‘ldi. Chunki 1945 yilning ushbu kunida BMTning Ustavi kuchga kirgan edi.
1971 yilda Bosh Assambleya 26-sessiyasining 2782-sonli rezolyusiyasi bilan ushbu kun xalqaro bayram kuni deb e’lon qilindi va barcha davlatlarga mazkur kunni davlat bayrami sifatida nishonlash tavsiya etildi. Shundan boshlab ushbu kun xalqaro bayram maqomini oldi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti kuni munosabati bilan BMTning Bosh kotibi har yili dunyo jamoatchiligiga murojaatnoma yo‘llaydi. Mazkur bayramni davlatlar turlicha nishonlaydilar.
BMT MINBARIDAN NUTQ SO‘ZLAGAN BIRINCHI O‘ZBEK
Oybek Abdumo‘minovning “O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan munosabatlari tarixi” nomli nomzodlik dissertasiyada qayd etganidek, BMT tashkil topgan vaqtda O‘zbekiston Sobiq ittifoq tarkibida edi. O‘zbekiston SSRning BMT faoliyatida ilk bor ishtirok etishi 1950 yildan boshlandi.
Aynan shu yili O‘zbekiston SSR Tashqi ishlar ministri, professor Abdusamad Boboxo‘jayev BMT Bosh Assambleyasining 5-sessiyasida respublika nomidan nutq so‘zladi va BMT minbarida so‘zga chiqqan birinchi o‘zbek diplomati sifatida tarixda qoldi.
Sobiq ittifoq davrida mazkur tashkilotning O‘zbekistonga qiziqishi kuchli bo‘lib, hattoki hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga ham harakat qilindi. Biroq markaz tomonidan mustaqil tashqi aloqalarning cheklab qo‘yilgani bunga to‘siq bo‘ldi.
Shunday bo‘lsa-da, Oybek Abdumo‘minovning qayd etishicha, O‘zbekiston hatto BMT Bosh kotiblarining diqqat e’tiborida bo‘ldi. Xususan, 1972 yil 19–20 iyul kunlari BMTning 1972–1981 yillardagi Bosh kotibi Kurd Valdxaym, turmush o‘rtog‘i Elizabet Valdxaym va BMT vakillari bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. O‘zbekistonning BMT bilan ko‘p tomonlama munosabatlari mustaqillik yillaridagina chinakamiga shakllandi.
BMT va MUSTAQIL O‘ZBEKISTON
XX asr oxiri va XXI asrga kelib xalqaro tashkilotlarning eng yirigi va nufuzlisi, ta’sir doirasi nihoyatda keng tashkilot sifatida BMTga katta e’tibor qaratildi. Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq – 1992 yil 2 martda O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatning teng huquqli suveren vakili sifatida ushbu tashkilotga a’zo bo‘ldi. Shu kuni BMT Bosh Assambleyasi binosi oldida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i ko‘tarildi. Oradan bir yil o‘tib, 1993 yil 24 oktyabrda Toshkentda Xolid Malik boshchiligida BMTning vakolatxonasi ish boshladi.
O‘zbekiston o‘z ovozi va mavqeyiga ega bo‘lgan a’zo sifatida BMT oldiga muhim va dolzarb masalalarni qo‘ymoqda. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov Bosh Assambleyaning 1993 yil 28 sentyabrdagi 48-sessiyasida, 1995 yil 24 oktyabrda BMT tashkil etilganiga 50 yil to‘lgani munosabati bilan o‘tgan sessiyada, 2000 yil sentabrda “Ming yillik sammiti”da va 2010 yil 20 sentabrda Mingyillik rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan yig‘ilishlarda tashkilotni isloh qilish bo‘yicha aniq takliflarni taqdim etdi.
2017 yil 19 sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida tarixiy nutq so‘zladi. Unda bir qator masalalar, jumladan, BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish va Bosh Assambleyaning “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyusiyasini qabul qilish, Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish, Orol dengizi qurishi muammosi, qo‘shni mamlakatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash masalalari, Afg‘onistonda tinchlikka erishishning ma’rifiy yo‘llari masalalariga alohida to‘xtaldi.
BMT Bosh kotiblari: 2002 yil oktyabr oyida Kofi Annan, 2010 yil aprel oyida hamda 2015 yilda Pan Gi Mun, shuningdek, 2017 yil iyunda Antoniu Guterrish O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
MA’LUMOT O‘RNIDA
1992 yil 2 martda O‘zbekiston bilan bir qatorda yana sakkiz davlat: Ozarbayjon, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldaviya, San-Marino, Tojikiston, Turkmaniston ham BMT a’zosi bo‘ldi. Afg‘oniston mazkur tashkilotga 1946 yil 19 noyabrda a’zo bo‘lgandi.
BMTning dastlabki a’zolari qatorida SSSRning to‘liq mustaqillikka ega bo‘lmagan ittifoqchilari – Belarus SSR va Ukraina SSR ham bor edi. Ular boshqa mustaqil davlatlar, shuningdek, SSSR qatorida 1945 yil 24 oktyabrda tashkilotning a’zolariga aylanishdi. Bunday davlatlar qatorini yana davom ettirish mumkin.
2001 yilda BMTga uning Bosh kotibi Kofe Annan bilan birgalikda Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti taqdim etildi. 1988 yilda bunday mukofot BMTning tinchlikparvar kuchlariga berilgandi.
Alisher EGAMBERDIYEV,
O‘zbekiston Milliy universiteti Tarix fakulteti talabasi