BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish AQSh prezidenti Donald Trampning G‘azo sektoridagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish rejasini qo‘llab-quvvatladi va uni amalga oshirishga chaqirdi, deb yozadi “Izvestiya”.
“Birlashgan Millatlar Tashkiloti Falastin, Isroil va butun mintaqa xalqlari uchun tinchlik, barqarorlik va yorqin kelajakka hissa qo‘shadigan har qanday sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga qat’iy sodiqdir”, — deb yozdi Bosh kotib X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Guterrish, shuningdek, arab va musulmon davlatlarining tinchlik va otashkesimga erishishdagi muhim rolini ta’kidladi.
“Barcha tomonlar kelishuv majburiyatlarini o‘z zimmalariga olishlari va uni amalga oshirishlari nihoyatda muhim”, — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, Oq uy tomonidan 29 sentyabrda taqdim etilgan hujjat 20 banddan iborat. Unda Isroil qo‘shinlarini G‘azodan olib chiqib ketish va jangovar harakatlar to‘xtatilishi evaziga garovga olinganlarni ozod qilish ko‘zda tutilgan. Shartnoma tasdiqlanganidan keyin shartlarni bajarish uchun 72 soat vaqt beriladi.