BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroilning G‘azo sektoridagi havo hujumlaridan hayratda, deyiladi BMT bayonotida.
Guterrish o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya qilishga, insonparvarlik yordamini to‘siqsiz tiklashga va qolgan garovga olinganlarni shartsiz ozod qilishga chaqirmoqda.
Dushanbadan seshanbaga o‘tar kechasi Isroil mudofaa kuchlari G‘azo sektoriga zarbalarni qayta boshladi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning aytishicha, hujumlar Falastinning HAMAS harakati AQShning sulhni uzaytirish va garovga olinganlarni ozod qilish rejasini qabul qilishdan bosh tortgani uchun davom etmoqda.
Falastin anklavining Sog‘liqni saqlash vazirligi seshanba kuni ertalab Isroilning G‘azo sektoriga uyushtirgan zarbalari oqibatida halok bo‘lganlar soni 326 nafarga yetganini ma’lum qildi.
Isroil va HAMAS o‘rtasidagi sulh 1 mart kuni rasman yakunlandi, biroq vositachilar G‘azodagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga tomonlarni jalb qilishga urinishlari tufayli janglar qayta boshlanmadi. Biroq, Isroil suvni chuchuklashtiruvchi qurilmaga elektr energiyasini yetkazib berishni to‘xtatdi va anklavga gumanitar yordam olib ketayotgan yuk mashinalari kirishini to‘xtatdi.