BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish G‘azo sektoridagi ziddiyat tufayli falastinlik bolalar hayotini jahannamga qiyosladi. Bu haqda u BMT Bosh assambleyasining maxsus yig‘ilishida aytib o‘tdi.
Bosh kotib tinch aholining yana ko‘p qurbon bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun tomonlarni mintaqada o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi. «Tinchlik jarayoniga qaytish — bu barqaror va adolatli yechimning yagona yo‘li», deydi u.
Gutterishning ta’kidlashicha, Isroil G‘azo sektoriga gumanitar yordamni yetkazib berishni ta’minlashi kerak.
Siyosatchi, shuningdek, Quddus va boshqa hududlarning maqomi masalasini hal qilish uchun muzokaralarga qaytish kerakligini yana bir qayd etdi.
Shuningdek, u Rossiya, AQSh va Yevropa Ittifoqini o‘z ichiga olgan «Yaqin Sharq to‘rtligi» formatida Falastin-Isroil inqirozini tartibga solish bo‘yicha birgalikdagi ishlarning muhimligini ta’kidladi.
Falastin va Isroil o‘rtasidagi ziddiyatning kuchayishi Sharqiy Quddusdagi to‘qnashuvlardan boshlandi.
10 may kuni G‘azo sektorida joylashgan Falastinning «XAMAS» va «Islom jihodi» guruhlari Isroilni o‘qqa tutishni boshladi.
Bunga javoban Isroil armiyasi 5000 nafar zaxiradagi askarni chaqirgan va G‘azo sektoridagi nishonlarga havo hujumlarini uyushtirmoqda. To‘qnashuvlar hali ham davom etmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Falastin-Isroil mojarosi avj ola boshlaganidan beri 10 nafar isroillik va G‘azo sektorining 220 nafar aholisi halok bo‘lgan.