Evropa Ittifoqi Kiyevga ajratiladigan 90 milliard yevrolik kreditning bir qismini to‘lashni Ukrainada soliq islohoti o‘tkazilishi sharti bilan bog‘ladi. Ushbu islohot ukrainaliklar o‘rtasida keskin noroziliklarga sabab bo‘lgan, deb yozadi Bloomberg agentligi o‘z manbalariga tayanib.
«Soliqlarga oid talablar kreditning 8,4 milliard yevroni tashkil etuvchi... makromoliyaviy qismiga daxldor bo‘ladi... Kiyev xorijdan keladigan posilkalarning (jo‘natmalarning) 20 foizlik qo‘shilgan qiymat solig‘iga (QQS) tortiladigan ulushini kengaytirish to‘g‘risida qonunlar qabul qilishiga to‘g‘ri keladi», — deyiladi nashrda.
Bu talablar Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) tomonidan 700 million yevro miqdoridagi transhni ajratish shartlari bilan ham bog‘liqdir.
Ukraina birinchi transhni iyun oyida, ikkinchisini sentyabrda va uchinchisini — islohotlar yakunlanganidan keyin, yil yakuniga qadar olishi kutilmoqda.
Oliy Radaning muxolifatchi deputati Yaroslav Jeleznyak Bloomberg agentligiga bergan bayonotida, ushbu chorani qabul qilish uchun ukrainaliklar o‘rtasida yetarlicha qo‘llab-quvvatlashni ko‘rmayotganini aytdi. Agentlikning anonim manbasi ham bu ma’lumotni tasdiqlagan.
Shu sababli, mazkur islohotning Oliy Rada tomonidan ma’qullanishiga nisbatan jiddiy shubhalar mavjud, deb qayd etadi maqola muallifi.
«Ukrainaliklar o‘zlarining soliq yukini oshiradigan chora-tadbirlarga qat’iy qarshi chiqishmoqda, hattoki qo‘shimcha daromadlar armiyani moliyalashtirish uchun zarur bo‘lsa ham», — deya xulosa qilinadi materialda.