AQSh yetakchisi Donald Tramp bilan uchrashish uchun Vashingtonga borgan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘z mamlakati harbiy harakatlarni yakunlash va uzoq muddatli tinchlikka erishishga intilayotganini aytdi. Shu bilan birga, u hammasi xuddi avvalgidek bo‘lmasligi kerakligini ta’kidladi.
«Bu urushni tezroq va ishonchliroq tugatishni hammamiz birdek istaymiz. Tinchlik esa uzoq davom etishi kerak. Bir necha yillar avval Ukrainani Qrim va Donbassning bir qismini berishga majbur qilishdi. Putin esa bundan shunchaki yangi hujum uchun plasdarm sifatida foydalandi. Endi bunday bo‘lmasligi kerak. Yoki 1994 yilda Ukrainaga go‘yoki «xavfsizlik kafolatlari» berilgan, ammo buning foydasi bo‘lmadi. Albatta, 2022 yildan keyin ukrainaliklar Kiyev, Odessa, Xarkovni bermagani kabi Qrimni ham bermaslik kerak edi. Ukrainaliklar o‘z yeri, o‘z mustaqilligi uchun kurashmoqda. Hozir jangchilarimizning Donesk va Sumi viloyatlarida muvaffaqiyatlari bor. Ishonchim komilki, biz Ukrainani himoya qilamiz, xavfsizlikni amalda kafolatlaymiz va xalqimiz prezident Trampdan, Amerikadagi barchadan, har bir hamkordan qo‘llab-quvvatlashi va bebaho yordami uchun doimo minnatdor bo‘ladi. Rossiya o‘zi boshlagan bu urushni tugatishi kerak. Va umid qilamanki, Amerika bilan, yevropalik do‘stlarimiz bilan umumiy kuchimiz Rossiyani haqiqiy tinchlikka majburlaydi», deb yozdi Zelenskiy.
Tramp Zelenskiyning tashrifidan oldin, «agar xohlasa, u Rossiya bilan urushni deyarli darhol tugatishi» mumkinligini aytdi. Buning uchun Qrimdan va NATO a’zosi bo‘lish fikridan voz kechishi kerak, degan edi.