Bugun 9 iyul, 2025 yil, chorshanba

КИР

Bilib oling! Shaytondan saqlanish yo‘llari

A A A
Bilib oling! Shaytondan saqlanish yo‘llari

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qili­nadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Mo‘min kishi shaytonining tinkasini quritadi, xuddi sizlardan biringiz safarda tuyasini charchatganidek”, dedilar».

Sharh:

Abu Abdulloh shunday dedi: «Mo‘min bandaga bir shayton biriktirilgan bo‘ladi va u Alloh madadi bilan undan saqlanadi. Shayton bandaning qalbiga yo‘l olsa, Yaratganning ma’rifati bilan undan saqlanadi. Bordi-yu, uning nafsiga ko‘z tikib, shahvatini uyg‘otsa, Allohning zikri bilan undan xalos bo‘ladi. Agar shayton bandaning kundalik yumushi va holatida vasvasa qilish uchun yuzlansa, Allohning ismi bilan undan saqlanadi. Yaratganning ismi o‘zidan nur taratib, shaytonni haydaydi. Tuya safari davomida og‘ir yuk sababli qiynalib charchaydi. Shu bilan birga qorni och, chanqoq bo‘lsa, turli yaylovlardan o‘tadi va suvi ham chuchuk emas, loyqa bo‘ladi. Natijada, bularning hammasi tuyani holdan toydiradi. Xuddi shu kabi mo‘minning shaytoni ham bandadagi Allohga itoat va vafoni ko‘rib nafratining zo‘ridan tinkasi quriydi. Shayton uning taomi, ichimligi, libosi, uyqusi, majlisi va turli holatlarida sherik bo‘lishni xohlasa, banda bismillah bilan uni haydab quvadi. Shunda shayton (egasi tomonidan jerkib tashlangan) it kabi bir chekkada turadi. Banda uni chetlatib, o‘z nafsidan ham uni butkul quvishni istasa, vahdoniyat kalimasi, ya’ni u sababli Arsh tebranadigan quyidagi oliy kalimani aytadi: “Laa ilaha illalloh” (Allohdan o‘zga ma’bud yo‘q). Shayton uni eshitishiga yuztuban bo‘ladi, ya’ni (umidi puchga chiqib) boshini quyi qilib, boshpanasiga qochadi. Bu holat Alloh taoloning quyidagi oyatida shunday bayon etilgan:

Qachonki, Siz Qur’onda yolg‘iz Rabbingizni zikr qilsangiz, orqalariga burilib keturlar” (Isro, 46)».

Abul Javzodan rivoyat qilinadi: «U (shayton)ni qalbdan “La ilaha illalloh” kalimasi kabi haydovchi narsa yo‘q», deb mazkur oyatni tilovat qildi.

Ibn Ziyod Abul Javzodan yuqoridagi rivoyatni naql qilib keltirgan.

Amr ibn Molikdan rivoyat qilinadi: «Tavrotda quyidagilarni o‘qiganman: “Sening (shaytonni yengish) siring shuki, yaqiniy ilmni egallashingdir. Shunday ekan, har on dunyo hoyu havaslari ustidan g‘oliblikni qo‘lga kirit. Zero, kim dunyo shahvatlari ustidan g‘olib kelsa, shayton uning soyasidan ham o‘zini olib qochadi”».

Hafsa (roziyallohu anho): «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Umar islomni qabul qilgandan buyon, unga shayton aslo yo‘liqmagan. (Bordi-yu, yo‘liqsa ham) yuz tuban bo‘lib yiqilgan”, deb aytayotganlarini eshitganman», dedi.

Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Shayton Umarning ovozini eshitgan yo‘lda (aslo) unga ro‘baro‘ kelmagan. Balki, boshqa yo‘lga o‘tib olgan”, dedilar».

Bu bobdagi Umar (roziyallohu anhu)ning misoli shakkok mulozim, ya’ni kirdikorlari, adovati Sultoniga ma’lum bo‘lib qolgan kishining o‘z podshohi huzuridagi holatga o‘xshaydi. Qarang, bu mulozim Podshohga ro‘baro‘ kelganda nima sodir bo‘ladi? Agar u oyoqlari chalishib yuz tuban yiqilsa ham xunuk bo‘lmaydi.

Manba: hidoyat.uz

Kiritildi: 06:15 03.09.2019. O'qildi: 9915 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!