Bugun 30 aprel, 2025 yil, chorshanba

КИР

Bilasizmi? Qadimiy Xorazmning milliy taomlari

Bilasizmi? Qadimiy Xorazmning milliy taomlari

O‘zbek milliy taomlarini tayyorlanish jarayoni va ovqatlanish madaniyati juda uzoq tarixga ega va xalqning ko‘p yillik tajribasiga asoslanadi. Urf-odat va an’analar hududning iqlim sharoitidan va mahalliy aholining turmush tarzidan kelib chiqqan holda shakllanadi. Har bir hudud aholisi milliy taomlar tayyorlash borasida o‘z uslubiga ega.

Ayniqsa Xorazm viloyati o‘zining taomlari va ularni tayyorlashning maxsus uslubi bilan mashhur. Har bir taom o‘zining maxsus ta’miga ega.  “Xorazm palovi”, “Tuxum barak”, “Ushoq barak”, “Shivit oshi”, qovurilgan baliq va hatto noni ham o‘zgacha. Xorazm milliy taomlari O‘zbekistonning boshqa hududlarida tayyorlanadigan taomlardan farq qiladi.

SHIVIT OSHI.  Xorazmcha lag‘mon, yashil lag‘mon nomlari bilan dunyo taomnomasiga kiritilgan bu ne’mat yozning jazirama kunlaridagi eng tansiq ovqatlardan biri hisoblanadi. Shivit oshi o‘zining yashilligi va darmondorilarga boyligi bilan boshqa shu turdagi ovqatlardan farq qiladi. 

Shu o‘rinda taomning o‘ziga xosligini ta’minlovchi shivit haqida to‘xtalib o‘tsak! Bu o‘simlik tarkibida temir, kalsiy, karotin, efir moyi, flavonoidlar, A, V1, V2, RR vitaminlari, fitonsitlar, mineral tuzlar va boshqa moddalar mavjud. U kletchatkaga boy bo‘lgani bois ichaklarni tozalaydi. Shuning uchun ham go‘shtli taomlarga shivit qo‘shiladi. U hazm qilishga yordam beradi va hazm bo‘lmagan taomlar qoldig‘ini tanadan chiqarib tashlaydi. Qadimdan tabobatda tinchlantiruvchi, el, siydik haydovchi, yo‘tal va yallig‘lanishga qarshi, emizikli onalar sutini ko‘paytiruvchi vosita sifatida tavsiya etilgan.

Zamonaviy tibbiyotda shivit o‘tining damlamasi qon bosimini tushiruvchi, yurak – qon tomirlarini kengaytiruvchi xususiyatga ega ekanligi ilmiy tadqiqotlarda isbotlangan. Shivitdan ko‘kat sifatida foydalanilganda me’da shirasi ajralishi, o‘t haydalishi yaxshilanadi.

USHOQ BARAK. Xorazm taomlari orasida ushoq barak alohida o‘rin tutadi, tantanalarga, aziz mehmonlarga ham atab pishiriladi. Bu taom ruslarda pelmen, O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida chuchvara nomi bilan mashhur. Ammo ushoq barak tayyorlanish usuli bilan yuqoridagi taomlardan ajralib turadi. Nomidan ham ma’lumki, ushoq barak juda mayda, bosh barmoqdek tugiladi. Ayni shu jihati bilan rus pelmenidan farq qiladi. 

Ushoq barak odatda, chopqida chopilgan qiymadan (Xorazmchasiga “ijjon”dan) tayyorlanadi. Vohada taomning qatiqli barak va sho‘rva barak deb nomlanuvchi ikki turi mashhur. Qatiqli barak turida barakchalar suvda qaynatib olinib, cho‘lpida(chovlida) turgan joyida ustidan sovuq suv o‘tkaziladi. So‘ng qatiqqa aralashtirib, sovuq holda iste’mol qilinadi. Sho‘rva barakda esa alohida idishda suyakli go‘sht yoki suyakning o‘zidan qaynatma sho‘rva qilinib, suvda qaynatib olingan baraklar ustiga shu sho‘rvadan solinadi yoki baraklar oldindan tayyorlangan qaynatma sho‘rvada pishiriladi.

Manba: gujum.uz

Kiritildi: 08:00 06.01.2020. O'qildi: 18079 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!