AFP agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, amerikalik muzokarachilar Stiv Uitkoff va Jared Kushner Kiyevni Donbassdan voz kechishga rozi bo‘lishga undab kelmoqda. Biroq agentlik manbalarining ta’kidlashicha, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy uchun bu masala hali ham «qizil chiziq» bo‘lib qolmoqda.
Moskva esa Berlindagi muzokaralar boshlanishidan oldin, Ukraina NATOga a’zo bo‘lish yo‘lidan voz kechmasa, tinchlik bo‘yicha kelishuvlarga erishib bo‘lmasligini ma’lum qilgan. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukrainaning neytral maqomini ehtimoliy tinchlik kelishuvlarining «asosiy poydevorlaridan biri» va «alohida muhokama predmeti» deb atadi.
Berlinda Kiyevning ayrim takliflari muloqot uchun asos bo‘lishi mumkinligi haqida signallar yangramoqda. Xususan, Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Deutschlandfunk radiosi efirida Zelenskiyning NATOdan voz kechishga ehtimoliy tayyorligi haqidagi bayonotlarini izohladi.
«Agar bu Ukraina takliflari bo‘lsa, Rossiya bu pozisiyani qabul qilishi mumkin. Ammo biz Ukraina eng yaxshi muzokara pozisiyasiga erishishi uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilishda davom etamiz», — dedi u.