Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jo‘mart To‘qayev bugun ertalab mamlakat bosh vaziriga topshiriq berib, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, investisiya muhitini yaxshilash va iqtisodiy vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha hukumat rejalariga tuzatish kiritish zarurligini ta’kidladi.
AI-92 benzini va dizel yoqilg‘isi narxini oshirishga moratoriy joriy etildi, 2026 yilning birinchi choragiga qadar kommunal xizmatlar tariflari muzlatildi, narx-navo ustidan nazorat kuchaytirildi hamda imtiyozli ipoteka va avtokreditlar hajmi bir necha barobarga oshirilishi ma’lum qilindi.
Bundan tashqari, yangi Soliq kodeksining kichik biznesga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida 2026 yil 1 yanvardan boshlab soliq tekshiruvlari va kameral nazorat tadbirlari bekor qilinadi. Shuningdek, penya va jarimalar hamda QQS to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan hollarda ma’muriy javobgarlik qo‘llanmasligi ko‘zda tutilgan. Kichik biznes uchun soddalashtirilgan soliq ma’murchiligi saqlab qolinadi.
Aftidan, hukumat aholi — ayniqsa tadbirkorlar — kayfiyati yomonlashib, ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy e’tirozlar ko‘payganini hisobga olib, shunday tezkor choralar rejasini tayyorlagan.