«Al-Hilol»ning fransuziyalik hujumchisi Karim Benzema Jazoirning bir qator hududlarini qamrab olgan keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlaridan so‘ng mamlakat aholisiga qo‘llab-quvvatlash bildirdi.
«Barcha o‘y-xayollarim yong‘in qurbonlari, ularning oilalari, jabrlanganlar va bu og‘ir sinovni boshdan kechirayotgan barcha insonlar bilan», — deb yozdi futbolchi ijtimoiy tarmoqlarda.
Ota-onasi Jazoirdan bo‘lgan Benzema, shuningdek, yong‘inlarni bartaraf etishda ishtirok etayotgan o‘t o‘chiruvchilar va qutqaruvchilarga minnatdorlik bildirdi.
Jazoir Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yong‘inlar oqibatida 12 kishi halok bo‘lgan.
Joriy mavsumda 38 yoshli forvard 2 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1 ta gol urdi. Transfermarkt portali uning bozor qiymatini 5 million yevroga baholamoqda.