"2023 yil 7 oktyabrda HAMAS tomonidan amalga oshirilgan terrorchilik hujumlari Isroil xalqiga yetkazgan og‘riqni yodda tutgan holda, Falastinni tan olish jarayoni faqatgina oxirgi garovdagilar ozod etilgach va HAMAS Falastinni boshqarishda ishtirok etishni to‘xtatgach rasmiylashtiriladi", — dedi Maksim Prevo.
Shu bilan birga, tashqi ishlar vaziri Belgiya milliy darajada Isroilga qarshi bir qator sanksiyalar joriy etayotganini bildirdi. Ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
— G‘arbiy sohildagi yahudiy ko‘chmanchilariga tegishli aholi punktlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni import qilishni taqiqlash;
— Isroil kompaniyalaridan davlat xaridlari siyosatini qayta ko‘rib chiqish;
— Xalqaro huquqqa ko‘ra noqonuniy hisoblangan aholi punktlarida yashayotgan belgiyaliklarga konsullik yordamini cheklash.
Shu bilan birga, Prevo o‘z bayonotida bir necha bor HAMAS terrorchilik tashkiloti ekanini ta’kidladi va u bilan har qanday hamkorlik mutlaqo istisno etilishini bildirdi.
Avvalroq Fransiya, Avstraliya, Norvegiya, Irlandiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya va Kanada ham Falastin davlatini tan olishga tayyor ekanini bildirgan edi.