Bugungi globallashuv davrida giyohvandlik tobora keng ildiz otib, insoniyat hayotida katta xavf solib bormoqda. Bu asr vabosiga qarshi kurash yurtimizda davlat siyosatiga chiqqani uning chegara bilmasligi, yoshi va irqi, millati, ijtimoiy kelib chiqishini tanlamasligi, millat genofondiga ziyoni bilan xavfliligida. Shu bois mazkur illatga qarshi kurashish, unga barham berishga katta e’tibor berilmoqda. Prezidentimiz tomonidan 2025 yilning 3 noyabrida imzolangan “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoni bu illatga qarshi e’lon qilingan kurashni yanada jadallashtirishga qaratilgan. Fuqarolarni giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasi, tarqatilishining oldini olish hamda munosib to‘siq qo‘yish borasida huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan muntazam ravishda tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshirib kelinmoqda. Kuni kecha Bektemir tumanida poytaxt IIBB hamda Davlat xavfsizligi xizmati Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda zahri-qotilni yashirin ravishda tarqatib yurgan shaxs qo‘lga olindi. Uning vaqtincha yashab kelayotgan xonadonida o‘tkazilgan tadbirda turli xildagi umumiy og‘irligi 2 kg 200 gr, iste’mol uchun qadoqlab sotilganda 66 700 dona – bir martalik dozani tashkil etuvchi giyohvandlik moddalari hamda muqim yashash joyi bo‘lgan Jizzax viloyatidagi hovli hududiga ko‘mib qo‘yilgan 800 gr sintetik giyohvandlik moddalari topilib daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olindi. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov harakatlari davom etmoqda. Gumondorning mazkur og‘ularni kimdan olgani, uning manbaalarini aniqlash bo‘yicha tezkor-tergov harakatlari olib borilmoqda.