Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi bosh operativ boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari general-leytenant Yaroslav Moskalik Ukraina urushi bo‘yicha vaziyatni monitoring qilgan va ushbu ma’lumotlar asosida Vladimir Putin hamda Andrey Belousov uchun hisobotlar tayyorlagan shtab xodimlari guruhiga rahbarlik qilgan. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligining “Krasnaya zvezda” gazetasi e’lon qilgan nekrologda aytiladi.
Moskalik 25 aprel kuni Moskva viloyatining Balashixa shahrida ko‘p qavatli uy oldida avtomobil portlashi natijasida halok bo‘lgan edi.
26 aprel kuni Rossiya Federal xavfsizlik xizmati general avtomobilga o‘rnatilgan bombaning portlashi oqibatida halok bo‘lgani va bu ishda “Ukraina maxsus xizmatlarining agenti” deb gumon qilingan kishi qo‘lga olinganini bildirgandi. Gumonlanuvchi 1983 yilda tug‘ilgan Ignat Kuzin ismli shaxs bo‘lib, FXX ma’lumotiga ko‘ra, u Ukrainada yashash guvohnomasiga ega.
FXX press-relizida aytilishicha, avtomobilga o‘rnatilgan portlovchi qurilma Ukraina hududidan masofadan turib portlatilgan. Rossiya Tergov qo‘mitasi esa gumonlanuvchi aybiga “iqror bo‘lganini” ma’lum qildi. 27 aprel kuni Kuzin ikki oy muddatga hibsga olingan.