Shavkat Mirziyoyev bugungi tadbirda kasaba uyushmalari – mehnat muhofazasi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini olib boradigan eng katta tashkilot ekanini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, so‘nggi besh yilda ular tomonidan korxona va tashkilotlarda 152 mingta qonun buzilishi aniqlangan. Aslida, bunday holatlar ancha ko‘p: sudlar tomonidan uch yilda 48 mingdan ziyod mehnat nizolari ko‘rib chiqilgan.
Kasaba uyushmalari yarashtiruvchi, murosaga keltiruvchi bo‘g‘in sifatida ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilishda faollik ko‘rsatishi maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, ish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi ma’lumotlarning yaxlit tizimi yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, baxtsiz hodisalar hisobi va ularning sababini o‘rganish o‘ttiz yil oldin qabul qilingan hukumat qaroridagi eskirgan normalar asosida qog‘ozda yuritilmoqda.
Mas’ul vazirlarga kasaba uyushmalari bilan birga baxtsiz hodisa va kasbga oid kasalliklarga chalinish holatlari haqidagi ma’lumotlarni olishning yagona tizimini ishga tushirish hamda bunday hodisalar hisobotini yuritish, sabablarini tahlil qilish va unga yechim topish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.