UYEFA «Barselona»ni hakamlar texnik qo‘mitasi (CTA) sobiq vise-prezidenti Xose Mariya Negreyraga to‘lovlar amalga oshirilgani ortidan ehtimoliy pora berish gumoni sabab Chempionlar ligasidan chetlatishi mumkin edi. Bu haqda El Confidental xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, bundan tashqari, klub moliyaviy maxinasiyalar uchun 60 million yevro miqdorida jarimaga tortilishi, shuningdek jamoaning «Kamp Nou» stadioniga qaytish jarayoniga to‘siq qo‘yilishi ham mumkin edi. Qayd etilishicha, UYEFA bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yish uchun «Barselona» prezidenti Joan Laporta Superliga loyihasida ishtirok etishdan voz kechishga va Yevropa klublari assosiasiyasiga qayta a’zo bo‘lishga majbur bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda "ko‘k-anorranglilar"ga Negreyraga to‘lovlar amalga oshirilishi bilan bog‘liq pora berish ayblovi qo‘yilgan edi. U Ispaniya Qirollik futbol federasiyasi (RFEF)da faoliyat yuritgan. «Barselona» 2001–2018 yillar oralig‘ida taxminan 8,4 million yevro miqdorida ushbu to‘lovlarni amalga oshirganlikda ayblangan.
Kataloniya klubi versiyasiga ko‘ra, Negreyra hakamlik bo‘yicha texnik hisobotlar tayyorlash uchun tashqi maslahatchi sifatida jalb etilgan. CTAning sobiq vise-prezidenti esa hakamlarga ta’sir o‘tkazish maqsadida pora olganini inkor etmoqda.