Hamonki, milliy mafkurani o‘rnatmagan ekanmiz, aholi orasida diniy jihatdan oqsoqlik, savodsizlik va tushunmovchilik mavjud ekan, uni tezroq va samarali yechish yo‘llarini o‘ylashimiz zarur. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf kabi allomalarimizning tom-tom kitoblarini yuz minglab, millionlab so‘mlarga sotilyotganida har kimda ham uni xarid qilish imkoni yo‘q.
Mafkura bobida televideniye va ijtimoiy tarmoqlarning ta’siridan unumli foydalanish vaqti yetgan. Chunki ongli ravishda yo‘qotilgan qishloq kutubxonalari, kitob savdosi do‘konlari, majburiy obuna bahonasida ma’naviyatsizlikning zo‘r berib himoya qilinishi o‘rnini yaqin yillarda har qandayiga to‘ldirishning imkoni yo‘q. Xorijiy yot g‘oyalar va fahshni targ‘ib qiluvchi seriallar, ko‘ngilochar dasturlar, qimormonand ko‘rsatuvlarga uzil-kesil chek qo‘yish lozim.
Qolaversa, eng dongdor yozuvchilarimizning mana-man degan asarlari nashr adadi 5 ming donadan oshayotgani yo‘q. Bu har 6 ming fuqaroga bittadan kitob to‘g‘ri keladi degani. Kitob o‘qimagan millatdan nimani kutish mumkin. Yoshlarning aksariyatida maqsad va milliy g‘urur yo‘q, savod ham g‘ovlab turibdi, ayrimlar 12 ta harfli ism-sharifini ham sakkiztagacha xato bilan yozadi.
Asar yozgani uchun qalam haqi masalasini ham bir qayta ko‘rib chiqish vaqti yetdi. O‘zi, umuman qalam ahlining ijtimoiy maqomi va himoyasini yangi bosqichga olib chiqish kerak. Kitob o‘qigan yoshlarga avtomashina berilyapti-ku, lekin uni yozgan mualliflarning aksariyati hatto nashrning chiqarish harajatlarini ham o‘z yonidan qoplayotgani uchiga chiqqan mantiqsizlikdir.
Yozuvchining xayoli va fikri asosan ro‘zg‘or o‘tkazish tashvishi bilan bo‘lib, global va ulkan fikrlari tamaki tutuniday tarqab yotibdi. Millatimizda iste’dodlar kam emas. Agar Navoiy va Bobur hazratlarining ham xayoli kartoshka-piyoz topib kelish qayg‘usida bo‘lganida edi bugungacha betakror va boy ma’naviy meros bizgacha yetib kelmagan bo‘lardi. Iste’dodlarni, umuman insonni tirikligida qadrlashni o‘rganishimiz kerak. Millat ma’naviy-mafkuraviy tayanchlari bo‘lgan Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, O‘tkir Hoshimov, Tog‘ay Murod, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf kabi ijodkorlar umri adog‘ida ma’naviy va moddiy tomondan nechog‘li qiylanganini barchamiz ham yaxshi bilavermaymiz. Yuzga kirgan Shukrulloni ham noma’lum — qandaydir xatosi (agar u bo‘lgan bo‘lsa) uchun davlat tomonidan haligacha yo‘qlamaymiz. Nima, tirik odamga haykal qo‘ysak, yoki biror joy nomini bersak-atasak asakamiz ketadimi?
Masalan, Karim Bahriyev nomidagi Jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar instituti, deb qo‘ysak, yarashmaydimi? Yoki Sherzod Qudratxo‘jayev nomidagi O‘zbekiston Milliy matbuot markazi, Quddus A’zamning “Munosabat” ko‘rastuvi, Shuningdek, “Akmal Saidov”, “Abdusaid Ko‘chimov”, “Xurshid Davron”, “Hayriddin Sultonov”, Azim Suyun, “Hurshid Do‘stmuhammad”, “G‘ulom Mirzo”, “Bobur Bobomurod”, “Zulfiya Mo‘minova” va “Hosiyat Rustamova”, “Alisher Usmonov”, “Ubaydulla Mingboyev”, “Afzal Rafiqov”, “Nizomiddin Mahmudov”, “Svetlana Ortiqova”, “Sherali Jo‘rayev”, “Nasiba Abdullayeva”, “Rasul Ko‘sherboyev”, “Vladimir Norov”, “Jahongir Sarimsoqov”, “Odil Ahmedov”, “Mirjalol Qosimov”, “Ravshan Ermatov”, “Rustam Qosimjonov”, “Nafisa Mo‘minova” mahallasi, ko‘chasi, sport inshoati, musiqa yoki ta’lim maktabi yoki bog‘chasi, savdo binosi, markaziy binolar, kutubxonalar, stadionlarga shu insonlarning nomi qo‘yilsa, nimasi yomon?
Ularni albatta, notirik bo‘lishini va dorulbaqoga rihlat qilgachgina ko‘klarga ko‘tarishni kutib o‘tirish shart emas. Bunday jamiyat “yadrosi” mamlakatimizda minglab, o‘n minglab topiladi. Axir, bu zamonda yoshlar kimni o‘ziga qahramon, deb biladi? Tirik qahramonlarsiz, namuna va fahr bo‘ladigan shaxslarsiz millatimiz ma’naviy-ruhiy tayanchsiz qoladi-ku!
Shunday insonlarni borida, tirikligida ulug‘lasak, ardoqlasak, yoshlar ham bu shaxslarga munosib bo‘lishga, ortidan yurishga intiladi, o‘zlari ham yanada ijtimoiy faol bo‘lib, ilhomlanib-ruhlanib oldinga harakat qiladi.
Xullas, kommunistik tuzum sharofati ila vujudga kelgan ulkan ma’naviy bo‘shliq-vakuum, uzoqni ko‘zlamasdan bir kechada bu qudratli va siyosiy elitani birlashtirgan partiyaning tarqatib yuborilishi, nomi bor joni yo‘q siyosiy partiyalar tuzilishi va ularning nofaolligi mafkuraviy tanazzulni faqat kuchaytirdi, xolos.
Xurshid DALIYEV,
jurnalist