Bugun 2 may, 2026 yil, shanba

КИР

Baliqlarni nobud qilgan korxonaga 90 mln so‘mdan ortiq kompensasiya hisoblandi

Baliqlarni nobud qilgan korxonaga 90 mln so‘mdan ortiq kompensasiya hisoblandi

Ijtimoiy tarmoqlarda Zangiota tumani Achchisoy kanalida baliqlar nobud bo‘layotgani aks etgan video tarqaldi. Holat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolisiya) tomonidan o‘rganildi.

O‘rganishlar davomida Zangiota tumani «Ittifoqchi» mahallasida faoliyat yuritib kelayotgan “Damachi baliq” MCHJga qarashli baliqchilik ko‘lida suv sathi pasaytirilgani sababli baliqlarda kislorod yetishmasligi yuzaga kelib, 200-300 grammli baliqlar nobud bo‘lganligi aniqlandi. Nobud bo‘lgan baliqlar jamiyat ishchisi tomonidan tozalanib, tuman hududidan oqib o‘tgan Achchisoy kanaliga oqizib yuborilgan.

Jamiyat faoliyati natijasida hosil bo‘layotgan oqova suvlardan belgilangan tartibda laboratoriya tahlillari uchun namunalar olinib, atrof-muhitga ta’sirini aniqlash maqsadida chuqur o‘rganildi. Tahlil natijalariga ko‘ra, bir qator muhim ko‘rsatkichlar bo‘yicha me’yoriy talablardan sezilarli darajada oshish holatlari qayd etildi.

Xususan, azot ammoniy miqdori belgilangan me’yordan 1,7 barobar, azot nitrit 1,95 barobar, quruq qoldiq 1,28 barobar hamda umumiy fosfor 1,8 barobar ortiq ekanligi aniqlandi. Mazkur holatlar oqova suvlar yetarli darajada tozalanmasdan tashlanayotgani hamda suv ob’ektlarining ifloslanishi, ekologik muvozanatning buzilishi va bioxilma-xillikka salbiy ta’sir ko‘rsatganini ko‘rsatdi.

Holat bo‘yicha korxonaga 92 mln so‘m miqdorida kompensasiya hisoblandi, mas’ullarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, holat qayta takrorlanmasligi bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, kanal nobud bo‘lgan baliqlardan tozalandi.

Kiritildi: Bugun 20:31. O'qildi: 175 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!