Bugun 8 noyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

Bahodir Qurbanov: "Raqamli texnologiyalardan terrorchilik maqsadlarida foydalanishning oldini olish xavfsizlik sohasidagi ustuvor vazifalardan biridir"

Bahodir Qurbanov: "Raqamli texnologiyalardan terrorchilik maqsadlarida foydalanishning oldini olish xavfsizlik sohasidagi ustuvor vazifalardan biridir"

Joriy yilning 6 noyabr kuni Samarqandda Xavfsizlik masalalari bo‘yicha SHHT plyus birinchi ekspertlar muloqoti bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Raisi general-polkovnik Bahodir Qurbanov kirish so‘zi bilan ochib berib, ishtirokchilar e’tiborini terrorchilik va ekstremistik tashkilotlar o‘z mafkurasini tarqatish, tarafdorlarni yollash, teraktlarni moliyalashtirish, ularga tayyorgarlik ko‘rish hamda amalga oshirishda raqamli texnologiyalardan faol foydalanayotganiga qaratdi.

«Birgina 2026 yilda ekstremistik va terrorchilik xususiyatiga ega 49 mingdan ziyod internet-resurs aniqlangan bo‘lib, bu 2025 yilgi ko‘rsatkichga (43 mingga yaqin) nisbatan 14 foiz ko‘pdir. Bunday tendensiya radikal g‘oyalarni targ‘ib qilishda global tarmoqdan foydalanish ko‘lami ortib borayotganini yaqqol ko‘rsatadi», — dedi Xizmat raisi.

DXX rahbari 2021–2026 yillarga mo‘ljallangan Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyani amalga oshirish doirasida idoralararo va xalqaro hamkorlik mexanizmlari takomillashtirilganini ta’kidladi. O‘zbekiston tomonidan olib borilayotgan ishlarning natijalari xalqaro reytinglarda ham o‘z ifodasini topmoqda. Jumladan, 2026 yilgi Global terrorizm indeksida O‘zbekiston 96-o‘rinni egallagani (minimal xavf toifasi) ushbu illatga qarshi kurashishda milliy yondashuvning samaradorligini namoyon etdi.

DXX rahbari o‘z nutqida raqamli transformasiya davrida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtaldi. Ular qatorida raqamli muhitda terrorchilar faoliyatining yangi shakl va usullarini aniqlash, shuningdek, sun’iy intellektdan terrorchilik maqsadlarida foydalanishning oldini olish masalalari o‘rin olgan.

Ma’ruza yakunida ushbu Muloqotni o‘tkazish g‘oyat dolzarb va zarur ekani qayd etildi. Tadbir doirasida ishtirokchilar xavfsizlikka oid joriy tahdid va xavf-xatarlarni muhokama qiladi hamda xalqaro va mintaqaviy darajada hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan yagona chora-tadbirlarni ishlab chiqadi.

Kiritildi: 15:52 06.11.2026. O'qildi: 554 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik