Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) Sog‘liqni saqlash va profilaktika vazirligi Xitoyning Sinopharm kompaniyasi koronavirusga qarshi ishlab chiqargan vaksinani 3-17 yoshli bolalarda qo‘llashga ruxsat berdi.
The National nashrining yozishicha, ushbu qaror Sinopharm vaksinasi Abu-Dabida 900 ko‘ngillida sinab ko‘rilgandan keyin qabul qilingan. Sinov natijalarini keyinroq e’lon qilish rejalashtirilgan. Qayd etilishicha, bolalar faqatgina shoshilinch holatlarda emlanadi.
BAA Sog‘liqni saqlash va profilaktika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat aholisining 78,95 foizi koronavirusga qarshi vaksinaning bitta dozasini olgan, to‘liq emlanganlar esa 70,57 foizni tashkil etmoqda. Bu yerda Xitoyning Sinopharm, AQSh va Germaniyaning BioNTech, Rossiyaning "Sputnik V" vaksinalaridan foydalanilyapti. Pandemiya boshlangandan beri BAAda 682 mingta koronavirusga chalinish holati qayd etildi.