Birlashgan Arab Amirliklari urush vaqtida arab davlatlariga murojaat qilib, Eron hujumlariga birgalikda javob qaytarishni taklif qilgan, biroq rad javobini olgan, deya xabar bermoqda agentlik manbalariga tayanib.
AQSh va Isroilning Eronga bergan zarbalari hamda Tehronning bunga javoban arab davlatlaridagi obektlarga hujum qilganidan so‘ng BAA prezidenti Muhammad bin Zoid al-Nahayon bir qator arab yetakchilari bilan telefon orqali muloqot qilgan. Jumladan, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan ham suhbat o‘tkazilgan.
"Muhammad bin Zoid al-Nahayon 1981 yilda Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi tuzilgani va u Erondan kelayotgan tahdidlar sabab tashkil etilganini eslatgan. BAA prezidentining arab davlatlaridagi hamkasblari bu mojaro ularning urushi emasligini bildirgan. Bu javob Abu Dabi va Ar Riyod o‘rtasidagi munosabatlarning yanada sovuqlashishiga sabab bo‘lgan", deyiladi xabarda.
Manbalarga ko‘ra, Saudiya Arabistoni bilan yaqin siyosat yurituvchi Bahrayn va Kuvayt ham harbiy harakatlardan chetda qolishni afzal ko‘rgan. O‘monning Eron bilan aloqalari hisobga olinsa, uning javob zarbalarini qo‘llab-quvvatlash ehtimoli boshidanoq past bo‘lgan.
Fors ko‘rfazi davlatlaridan birining vakiliga ko‘ra, Qatar 18 mart kuni Ras-Laffan sanoat markazidagi Qatar Energy obektlari hujumga uchragach, Eronga javob qaytarish masalasini ko‘rib chiqqan. Biroq Doha bu rejadan voz kechib, mojaroni yumshatishga e’tibor qaratgan.