Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Bo‘stonliq tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro T.M. va boshqalar “Do‘stlik” MFY hududida joylashgan uyda umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga hisoblagichdan tashqari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, 216,4 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Shuningdek, Departamentning Sharof Rashidov tumani bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Q.-A.” fermer xo‘jaligi mas’ul shaxslari tijorat maqsadida suv nasoslarini elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, 123,8 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.