Joriy yilning 23 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining raisi va sudyalari tomonidan tumandagi mahallalarda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bilan davra suhbatlari o‘tkazildi.
Xotin-qizlar, mahalla fuqarolari, faollar va ichki ishlar xodimlari ishtirok etgan mazkur davra suhbatlarida “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turgan xotin-qizlarning huquqiy masalalar yuzasidan murojaatlari o‘rganib chiqildi.
Tumandagi Probasiya guruxi bilan hamkorlikda “Ayollar daftari”ga kiritilgan ayollarning jazoni ijro etayotgan farzandlari va turmush o‘rtog‘larini JKning 73-moddasiga asosan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish to‘g‘risida taqdimnomalar kiritish masalasi muhokama qilindi.
Shuningdek, xotin-qizlarga JKning 74-moddasiga muvofiq jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish, sudlanganlik holatini tugallanishi yoki olib tashlanishi tartibi haqida tushuntirishlar berildi.
Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 8 yanvardagi “Xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori va ushbu qaror bilan tasdiqlangan “Ayollar daftari”ni yuritish bo‘yicha vaqtinchalik tartibning mazmun va mohiyati tushuntirib o‘tildi.
Sayyor uchrashuvda tuman hududida sodir etilgan jinoyatchilik va huquqbuzarliklar, Toshkent shahrida jinoyatlarni jilovlash, jinoyatchilik profilaktikasini yanada takomillashtirish, odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyadan holi hududga aylantirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”sining ijrosi, “Mening mahallam – mening sudyam” g‘oyasi, yoshlar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzilishi holatlarini oldini olish yuzasidan ham ma’ruza qilindi.
Davra suhbati davomida ayollarga o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi.