So‘ngi vaqtlarda bunyod etilayotgan oynavand bekatlar poytaxtimiz ko‘rkiga yanada ko‘rk qo‘shayotgandek. Yo‘lovchilar uchun yanada qulaylik yaratish maqsadida yaratilgan bu imkoniyatdan aholi mamnun.
Tadbirkorlar uchun keng imkoniyat berilib, bekatlardan savdo ob’ekti sifatida foydalanishi uchun qulayliklar yaratilgan. Poytaxtimizdagi ko‘plab yo‘nalishdagi bekatlarni oynali qilib qurilayotgani, issiq-sovuqdan pana ekanidan quvongan edik. Ammo quvonchimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Kechqurun agar do‘kon ishlab turgan bo‘lsa, avtobus bekatlarining eshigi ochiq bo‘ladi, bo‘lmasa qulf. Bekat yo‘lovchilar uchunmi yoki xaridorlar uchunmi?
— Kechgi sakkizdan keyin bizning bekat qulflanadi, – deydi Sergeli tumanida yashovchi Azim Muhammadjonov. – Hozir kunlar issiq. Qor-yomg‘irli kunlarda ancha qiynaldik. Bir marta bekat eshigini qulflayotgan sotuvchidan nega yopib qo‘yishini so‘rasam, “Zamon yomon, odamlarga ishonch yo‘q. Narsalarni o‘g‘irlab, sindirib ketishadi”, dedi. Yoqa ushladim. Nahotki. Shunday to‘kin-sochin zamonda, tinch-xotirjam yashashning imkoni yo‘q. O‘zi foydalanadigan buyumlarga ziyon keltiradigan, o‘z yurti ravnaqini ko‘rolmaydigan yurtdoshlarim bo‘lsa-ya....
Bu gap qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bilmadimu, lekin hamma bekatlardagi yo‘l xaritasini ko‘rsatuvchi tablolar to‘laligicha ishlamayotgani, bekatlarning kechki payt tadbirkorlar tomonidan qulflanishi aholiga noqulaylik tug‘dirayotgani haqiqat.
Xudbin, o‘zidan boshqani ko‘rmaydigan odamga nisbatan “Qo‘lingni uchini bersang, yelkanggacha tortib oladi”, degan naql bor xalqimizda. Har bir sohada yaratilayotgan sharoitlar, berilayotgan imtiyozlar, keng va qulay shart-sharoitlarning barchasidan oqilona foydalanish lozim. Har bir ishdagi me’yor bardavom rivojlanish omili bo‘ladi.
Mamlakatimizdagi o‘zgarishlar, yangilanishlar, yaratilayotgan sharoitlardan quvonamiz, jannatmonand yurtda tug‘ilganimiz uchun shukronalar aytamiz.
Shu yurt ravnaqi, taraqqiyoti uchun fuqarolik burchimizni his etish, "bir yoqadan bosh chiqarish” vaqti kelmadimikin? Tinib-tinchimasdan ixtirolar qilish, uni hayotga tatbiq etish, undan oqilona foydalanish kerak xolos.
O‘zA