Mamlakatning Zalsburg federal yerida bolalar ozuqasiga zahar qo‘shib qo‘ygan 39 yoshli erkak qo‘lga olindi.
"Kronen Zeitung" nashrining xabar berishicha, jinoyatchi o‘z harakatlarini pul ishlash maqsadida amalga oshirgan: u Germaniyaning "HiPP" kompaniyasidan 2 million yevro miqdorida kriptovalyuta talab qilgan.
Jinoyatchi supermarketlardan bolalar ozuqasini sotib olib, ichiga zahar qo‘shgan va so‘ngra bankalarni qaytadan peshtaxtalarga qo‘yib chiqqan. Tergov harakatlari 38 kun davom etdi va unda Avstriya, Chexiya hamda Slovakiya huquq-tartibot idoralari ishtirok etdi. Hozirgacha zaharlangan beshta banka topib musodara qilindi — ular pastki qismidagi oq-qizil rangdagi stiker orqali aniqlangan. Ayni paytda Avstriya hududida oltinchi zaharlangan banka qidirilmoqda.
39 yoshli jinoyatchi supermarketlardagi kuzatuv kameralari va "HiPP" kompaniyasiga yuborgan elektron xati orqali topildi. Hozirda prokuratura qo‘lga olingan shaxsga nisbatan qanday ayblov e’lon qilishni ko‘rib chiqmoqda — u salomatlikka og‘ir shikast yetkazishga urinish yoki qasd qilish moddalari bo‘yicha javobgarlikka tortilishi mumkin.