Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Xitoyga tashrifi G‘arb ommaviy axborot vositalarida keng muhokama qilinmoqda. Tahlilchilar fikricha, muzokaralar Moskva va Pekin o‘rtasidagi munosabatlarda tobora kuchayib borayotgan iqtisodiy nomuvofiqlikni yana bir bor namoyon qildi.
BBC Rus xizmati xabariga ko‘ra, tashrif juda dabdabali tashkil etilgan bo‘lsa-da, muhim siyosiy yoki iqtisodiy kelishuvlarsiz yakunlangan.
AQShda joylashgan The Wire China nashrining yozishicha, muzokaralar tashqi tomondan teng huquqli uchrashuvga o‘xshagan bo‘lsa-da, amalda kuchlar muvozanati Pekin foydasiga og‘gan.
Nashrga ko‘ra, “ikki lider, ikki bayroq va ‘chegarasiz sheriklik’ haqidagi bayonotlar” ortida haqiqiy munosabatlar asimmetrik tus olgan.
G‘arb kuzatuvchilari fikricha, Ukrainadagi urush va G‘arb sanksiyalari tufayli Rossiya iqtisodiy jihatdan Xitoyga tobora ko‘proq qaram bo‘lib bormoqda.
The Guardian gazetasi esa Xitoy Donald Tramp va Vladimir Putinni deyarli bir xil darajada tantanali kutib olganini yozdi. Ammo protokol detallarida farq sezilgan.
Ma’lum qilinishicha, Donald Trampni aeroportda Xitoy vise-prezidenti Xan Chjen kutib olgan bo‘lsa, Vladimir Putinni Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I qarshi olgan.
Tahlilchilar buni Pekinning Moskvaga munosabati va yangi “G‘arbsiz dunyo tartibi”da Rossiyaga ajratilgan o‘rinning ramziy ko‘rinishi sifatida baholamoqda.