AQShning Erondagi maktabga bergan zarbasini "harbiy jinoyat deyish uchun yetarli asoslar" bor — BMT missiyasi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tergovchilari Eronda kamida 178 nafar tinch aholining o‘limiga sabab bo‘lgan AQSh zarbalari yuzasidan hisobot tayyorladi. "AQSh tinch aholining o‘limiga olib keluvchi, nishonni farqlamaydigan hujum uyushtirish orqali harbiy jinoyat sodir etganiga ishonish uchun yetarli asoslar bor", deyiladi hisobotda.
AQSh armiyasining birinchi hujumi 28 fevral kuni Eron janubidagi Minob shahrida joylashgan “Shajarayi Toyyiba” boshlang‘ich maktabiga qilingan. Bu zarba oqibatida 157 kishi, jumladan, 13 yoshgacha bo‘lgan taxminan 123 nafar bola halok bo‘lgan. BMT missiyasi bu ma’lumotlarni keltirar ekan, ularni ishonchli va mustaqil manbalardan olingan, deb ta’riflagan.
Qo‘shma Shtatlarning ikkinchi zarbasi ham o‘sha kuni sodir bo‘lgan va Eronning markazidagi Lamerd shahrida sport markazi hamda uning yonidagi turar-joy binolarini nishonga olgan. Tergovchilarning aytishicha, Eron manbalari 22 nafar tinch aholi vakili, jumladan, besh nafar bola halok bo‘lganini xabar qilgan. Ular yana 170 ga yaqin odam yaralanganini, ular orasida xavfli jarohat olgan bolalar ham borligini qayd etgan.
New York Times'ning yozishicha, hisobot dushanba, 21 sentyabr kuni Jenevadagi Inson huquqlari kengashiga taqdim etilishi kutilmoqda. Hujjatda, shuningdek, Eron hukumati namoyishchilarni bostirish chog‘ida sodir etgani aytilgan va insoniyatga qarshi jinoyatlarga teng deb baholangan qonunbuzarliklar ham yoritilgan.
Maktab uning yaqinida joylashgan Erondagi Islom inqilobi muhofizlari korpusining harbiy-dengiz majmuasiga qilingan hujum vaqtida zarbaga uchragan. Biroq BMT tergovchilari binoning maktab ekanligini yaqqol ajratib olish mumkinligini aytdi. Ular, shuningdek, bu joy “mo‘ljallangan zarba nuqtasi bo‘lgani”, ya’ni adashib tushgan zarba yoki qo‘shimcha talafot emasligi haqida xulosaga kelgan.
"Buni hech kim ataylab qilgani yo‘q. Xatolar bo‘lib turadi. Urush – shafqatsiz narsa", — degandi AQSh prezidenti Donald Tramp iyun oyida jurnalistlarga.