Bugun 17 noyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

AQShlik jurnalist Viktor Gotevbega “Oltin qalam” mukofoti topshirildi

A A A
AQShlik jurnalist Viktor Gotevbega “Oltin qalam” mukofoti topshirildi

“Diplomatic Watch” jurnali bosh muharriri Viktor Gotevbe “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun o‘tkazilgan bu yilgi xalqaro tanlovning g‘oliblaridan biri deb topilgan edi. Jurnalist O‘zbekiston haqida o‘nlab maqolalar yozgan. Ularda respublika siyosati, dunyodagi ovozi va tashabbuslari haqida so‘z boradi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi delegasiyasining AQShga safari doirasida mamlakatimizning Vashington shahridagi elchixonasida jurnalistga mazkur mukofot topshirildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasining AQShdagi favqulodda va muxtor elchisi Furqat Sidiqov, xorijiy davlatlar diplomatlari, jamoatchilik va ekspert doiralar vakillari va jurnalistlar ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Oripov Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov doirasida 2021 yilda “Xorijlik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali” nominasiyasining ta’sis etilishi xorijlik jurnalistlar uchun o‘ziga xos rag‘bat ekanligini hamda bu amaliyot xalqaro axborot makonida vatanimiz haqidagi axborotlarning salmog‘i oshishiga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Marosimda Viktor Gotevbe O‘zbekistonning bu yuksak e’tirofidan mamnunligini va bu uning hayotidagi kutilmagan yorqin voqea bo‘lganligini bildirdi.

“Ochig‘ini aytsam, men juda hayratda qoldim. Bunday bo‘lishini umuman kutmagandim. Bu men uchun kuchli ilhom, rag‘bat va alohida faxr”, - dedi Gotevbe.

Shuningdek, tantanali marosimda Viktor Gotevbe va “The Hill” gazetasining jamoatchi muxbiri Jeyms Dursoga O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasining faxriy a’zolik guvohnomalari topshirildi.

Tahlilchi va jurnalist Durso AQSh siyosati, xususan, Markaziy Osiyo bilan aloqalar, Afg‘onistondagi vaziyat haqida maqolalar yozadi. Uning O‘zbekiston bilan bog‘liq tahliliy materiallari ham ko‘p. Durso 2024 yilda “Oltin qalam” mukofoti sohibi bo‘lgan.

Tadbirda hozirda AQShda faoliyat olib borayotgan jurnalist Otabek Eshmamatov va kun.uz veb-saytining AQShdagi maxsus muxbiri Shohrux Majidovga ham O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga a’zolik guvohnomalari taqdim qilindi.

Kiritildi: 07:16 12.11.2026. O'qildi: 611 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik