Bugun AQShning migrasiya qonunchiligini buzgani uchun deportasiya qilingan 26 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan charter reys Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi. Bu haqda «Dunyo» agentligi xabar berdi.
Vatandoshlarning qaytarilishi O‘zbekiston va AQShning tegishli idoralari muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlari natijasida amalga oshirildi.
Ikki tomonlama hamkorlik doirasida fuqarolarning shaxsini aniqlash, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish va ularning xavfsiz olib kelinishini ta’minlash kabi barcha zarur tashkiliy va huquqiy tartib-taomillar tezkorlik bilan kelishib olindi.
O‘zbekiston migrasiya sohasida xorijiy sheriklar bilan hamkorlikni doimiy ravishda rivojlantirib, migrasiya qonunchiligi buzilishining oldini olishga, shuningdek, chet eldagi o‘z fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqda, deyiladi xabarda.
Avvalroq Avstriya noqonuniy migrantlarni O‘zbekiston orqali deportasiya qilmoqchi ekani xabar berilgandi.