Qo‘shma Shtatlarda kuzatilayotgan jazirama issiq tufayli bayram paradlari va yig‘ilishlarining rejalaruga o‘zgartirishlar kiritildi. Mamlakatning ko‘plab shaharlarda havo harorati qirq darajaga yaqinlashmoqda.
Vashingtonda chiqish qilishi rejalashtirilgan prezident Donald Tramp o‘zining uzun nutqi bilan issiqdan qo‘rqmasligini namoyish etishga va’da bergan.
Bayram kunining boshida vise-prezident Jey Di Vens so‘zga chiqdi. Nyu-York yaqinida langar tashlagan harbiy kema palubasida Vens shunday dedi: "Bugun biz kelajakka qo‘rquvsiz boqib, AQSh mustaqilligining 250 yilligini nishonlamoqdamiz. Biz erkin insonlar erisha oladigan yutuqlarning 250 yilligini nishonlayapmiz. Amerika buyukligining navbatdagi 250 yilligini yaratish uchun har birimiz o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak".
Vashington osmonida quyosh botguniga qadar har soatda harbiy harbiy samolyotlar uchib o‘tmoqda. Ushbu aviaparad ishtirokchilaridan biri prezidentning yangi Air Force One samolyoti bo‘ladi. Potomak daryosidagi barjalardan Vashington osmoniga yuz minglab mushaklar uchiriladi, bu mushakbozlik Ginnesning rekordlar kitobiga kirishi kutilmoqda.
Ammo jazirama issiq ham rekordlar o‘rnatishga intilmoqda. Sinoptiklarning ta’kidlashicha, Vashington va sharqiy qirg‘oqdagi boshqa ko‘plab shaharlarda kunduzi havo harorati 38 darajagacha isishi kutilmoqda, yuqori namlikni hisobga olganda, bu issiqlik 45 daraja kabi seziladi. Shu sababli bir necha joylarda bayram tadbirlariga jiddiy o‘zgartirishlar kiritildi. 250 yil oldin AQSh Mustaqillik deklarasiyasi imzolangan Filadelfiya ham shunday shaharlar qatoriga kiradi. Kolorado shtatida esa o‘rmon yong‘inlari tufayli feerverklar dasturi qisqartirildi.
Bayram tadbirlarida chiqish qiluvchi san’atkorlar ro‘yxatiga ham o‘zgartirishlar kiritildi. Ularning ko‘pchiligi Donald Tramp siyosatiga qarshi bo‘lgani sababli marosimlarda qatnashishdan bosh tortdi. Prezident nomiga bildirilgan yangi tanqidlar uning kecha Rashmor tog‘idagi yodgorlikda so‘zlagan nutqida “kommunistik tahdid” va uning “Amerika g‘oyalariga mos kelmaydigan g‘oyalar bilan sug‘orilgan muhojirlar” haqida gapirganidan so‘ng paydo bo‘ldi.