2026 yilgi Jahon chempionati mezbonlaridan biri bo‘lgan Nyu-Jersi shtati turnir vaqtida transport narxlarining rekord darajada oshishini e’lon qildi.
"Nyu-Jersi Tranzit" tashkilotining qarori muxlislar uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi.
Endilikda muxlislar Nyu-Yorkning Pensilvaniya vokzalidan "Metlayf Stedium" stadionigacha poyezdda borib-kelish uchun 150 dollar to‘lashlari kerak bo‘ladi. Taqqoslash uchun, hozirda ushbu yo‘nalishdagi chipta narxi bor-yo‘g‘i 12,90 dollarni tashkil etadi. Demak, narxlar 11 barobardan ko‘proqqa oshgan.
Transport tizimidagi boshqa o‘zgarishlar:
Avtobus qatnovi: Muqobil sifatida yo‘lga qo‘yiladigan avtobuslarda bir kishilik joy narxi 80 dollar etib belgilandi.
Imtiyozlar yo‘q: Bolalar, qariyalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun hech qanday chegirmalar ko‘zda tutilmagan.
Sotuv muddati: Avtobus chiptalari bugun, 17 apreldan sotuvga chiqadi, poyezd chiptalari esa 13 maydan boshlab sotiladi. Ularni oldindan sotib olish shart.
"Nyu-Jersi Tranzit" bosh direktori Kris Kolluri ushbu qarorni tashkilotning 200 million dollarlik defisitini qoplash va xarajatlarni chiqarish istagi bilan izohladi: "Biz pul ishlab olishga yoki tamagirlik qilishga urinayotganimiz yo‘q, shunchaki xarajatlarni qoplashga harakat qilyapmiz".
Shuningdek, mutasaddilar mahalliy aholini o‘sha kunlari iloji bo‘lsa uydan ishlashga chaqirishmoqda va taksi hamda karshering ilovalarida ham narxlar keskin ko‘tarilishidan ogohlantirishmoqda.
Eslatib o‘tamiz, JCH-2026ning final uchrashuvi aynan Nyu-Jersidagi "Metlayf Stedium"da bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Ko‘rinib turibdiki, finalni stadionda ko‘rish muxlislar uchun nafaqat chipta, balki yo‘l xarajatlari jihatidan ham ancha qimmatga tushadi.