AQSh xavfsizlik xizmatlari futbol bo‘yicha jahon chempionati vaqtida dronlar orqali ehtimoliy hujumlar uyushtirilishi mumkinligidan xavotirda, deb yozadi Politico nashri.
Musobaqa boshlanishiga bor-yo‘g‘i bir necha hafta qolgan bir paytda, mahalliy va federal hokimiyat organlari hali ham yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarga zudlik bilan tayyorgarlik ko‘rishga harakat qilmoqda, deya qayd etadi nashr. Shu bilan birga, uchuvchisiz uchish apparatlarini (UUA) kuzatish va ularga qarshi kurashish uchun mo‘ljallangan uskunalar yetishmayotgani ta’kidlanmoqda.
Maqolada alohida qayd etilishicha, AQSh Maxfiy xizmati rahbari Shon Karran idora dronlarga qarshi harakat qilish texnologiyalarini sotib olishda qiyinchiliklarga duch kelayotganini tan olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh hududida rejalashtirilgan 78 ta uchrashuvdan 8 tasiga mezbonlik qiluvchi Los-Anjeles hududi ham bespilotniklarni aniqlash va zararsizlantirishga hali tayyor emas.