Raqamli transformasiya xalqaro savdo munosabatlarini ham, ulardan kelib chiqadigan nizolarni hal etish usullarini ham yangilamoqda. Sun’iy intellekt hujjatlarni tahlil qilish, huquqiy tadqiqot olib borish va prosessual jarayonlarni boshqarishda yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Shu bilan birga, maxfiylik, taraflar tengligi, algoritmik xatolar va professional javobgarlik bilan bog‘liq murakkab savollarni ham kun tartibiga olib chiqmoqda.
Ushbu masalalar yuzasidan AQShda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik huquqshunos Farangiz Razakova bilan suhbatlashdik. U Toshkent davlat yuridik universitetida bakalavr, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida magistratura bosqichini tamomlagan. «El-Yurt Umidi» jamg‘armasi stipendiyasi asosida Pennsylvania State University’ning Penn State Law maktabida LL.M. darajasini olgan.
Farangiz Razakova iqtisodiy sud amaliyoti va adliya tizimida ish tajribasiga ega. U xalqaro tijorat arbitrajida maxfiylik, xalqaro huquq, migrasiya va nizolarni muqobil hal etish masalalariga bag‘ishlangan ilmiy ishlar muallifi. 2026 yilda Tashkent State University of Law talabalari uchun Amerika shartnoma huquqida shartnomagacha bo‘lgan muzokaralar mavzusida mehmon ma’ruza o‘qigan hamda 40 soatlik mediatorlik tayyorlov kursini tamomlagan. Hozirda Pensilvaniya shtatida ro‘yxatdan o‘tgan FEMIDA LLC kompaniyasining asoschisi va boshqaruvchi konsultanti sifatida xalqaro va qiyosiy huquq, shartnomalar, transchegaraviy bitimlar va nizolarni hal etish masalalari bo‘yicha huquqiy tadqiqotlar olib boradi.
— Farangiz, suhbatimizni bugungi kunning eng qaynoq mavzusi bo‘lgan texnologiyalardan boshlasak. Texnologiyalar va sun’iy intellekt huquq amaliyotini, xususan, xalqaro tijorat arbitrajini qay darajada o‘zgartirmoqda?
— Bilasizmi, axborot texnologiyalari va zamonaviy biznes shu darajada uzviy bog‘lanib ketdiki, bugun ularni bir-biridan aslo tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ilgari huquqshunoslar uchun texnik vositalar shunchaki yordamchi mexanizm bo‘lgan bo‘lsa, hozir amaliyotda ulardan foydalanish ixtiyoriy tanlov bosqichidan o‘tib bo‘ldi. Bu professional muvaffaqiyat va barqarorlik uchun fundamental talabga aylandi.
Xalqaro tijorat arbitrajida nizolarni hal qilish muddatlari va xarajatlarni qisqartirish doimiy ravishda asosiy muammo hisoblanadi. Sun’iy intellekt aynan mana shu jarayonlarni tezroq, samaraliroq va arzonroq qilish salohiyatiga ega. SI tizimlari yordamida prognozlash imkoniyati oshadi, bu esa asossiz da’volarni kamaytiradi va taraflarni nizoni erta bosqichda kelishuv bilan yakunlashga undaydi.
— Sun’iy intellektning aynan qaysi funksional imkoniyatlari xalqaro arbitraj amaliyotida keng qo‘llanilmoqda?
— Asosiy yo‘nalishlarni uchta yirik guruhga bo‘lish mumkin: ma’lumotlar analitikasi va huquqiy tadqiqotlar, prosessual samaradorlik hamda bashoratli (predictive) tahlil.
Katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish orqali SI advokatlarni yillar davomida mexanik tarzda bajarib kelingan va ko‘p vaqt oladigan ishlardan xalos qiladi. Masalan, "disclosure" deb ataladigan ma’lumotlarni oshkor qilish bosqichida yuz minglab hujjatlarni ko‘rib chiqish, maxfiy sirlarni yoki shaxsiy ma’lumotlarni o‘chirish, imtiyozli hujjatlarni ajratish kabi murakkab ishlarni SI bir necha soat ichida bajaradi. Shuningdek, u guvohlar bilan suhbatlarni tahlil qila oladi va ko‘rsatmalarning dastlabki loyihalarini tayyorlashga ko‘maklashadi. Huquqshunoslar esa vaqtlarini ko‘proq strategik, intellektual va yuqori qiymatga ega bo‘lgan ishlarga — tahlil va ijodiy fikrlashga qaratish imkoniyatini qo‘lga kiritadilar.
— Amaliy tajribangizga nazar tashlasak. Siz o‘tmishda Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida amaliyot o‘tagansiz, shuningdek, adliya tizimida, aniqrog‘i FHDYo organlarida ijrochi yordamchi bo‘lib ishlagansiz. Ushbu milliy tajribangiz sizga bugungi xalqaro va raqamli huquq amaliyotida qanday yordam beryapti?
— Judayam o‘rinli savol. Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudidagi amaliyotim davomida men real iqtisodiy nizolarning kelib chiqish tabiati, arizalarni qabul qilish, sud majlislarining o‘tkazilishi va dalillar bilan ishlash jarayonining amaliy zanjirini ichkaridan o‘rgandim. Bu menga nizolarni tahlil qilishda faqat nazariyaga tayanmay, uning real iqtisodiy oqibatlarini ko‘ra olish qobiliyatini berdi.
FHDYo (adliya) tizimidagi faoliyatim esa arxivlar bilan ishlash, qog‘ozdagi original ma’lumotlarni elektron axborot tizimlari bilan solishtirish, xatoliklarni tuzatish va eng muhimi — xizmat siri hisoblangan ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash kabi juda qat’iy tartib-taomillar maktabi bo‘ldi. Bugungi kunda SI bilan ishlashda "Veracity" — ya’ni ma’lumotlarning aniqligi va haqiqiyligi masalasi eng katta muammolardan biridir. O‘sha paytdagi tizimli va aniq ma’lumotlar bilan ishlash tajribam hozirda xalqaro konsaltingda, ayniqsa raqamli hujjatlar aylanmasi va arbitrajda ma’lumotlarning maxfiyligi xavflarini baholashda juda qo‘l kelmoqda. Davlat organlaridagi tizimlilik va tartib xalqaro darajada ham ishingiz sifatini kafolatlaydi.
— Farangiz, xalqaro arbitrajda taraflarning tengligi (due process) prinsipi juda muhim. Yirik korporasiyalar va kichik biznes sub’ektlari o‘rtasidagi nizolarda SIdan foydalanish ushbu muvozanatni buzmayaptimi? Xalqaro tajribada bu muammo qanday namoyon bo‘lmoqda?
— Bu juda dolzarb masala. UNCITRAL namunaviy qonunining 18-moddasi va 1958 yilgi Nyu-York konvensiyasi har bir tarafga o‘z pozisiyasini himoya qilish uchun to‘liq va adolatli imkoniyat berilishini kafolatlaydi. Biroq, amaliyotda sun’iy intellekt «raqamli tengsizlik» muammosini keltirib chiqarmoqda. Yirik korporasiyalar millionlab dollarlik, katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qiluvchi (predictive coding) dasturlardan foydalanib, soniyalar ichida mukammal argumentlar to‘plamini shakllantiradi. Moliyaviy resurslari cheklangan kichik biznes esa bunday qimmat texnologiyalarni sotib ololmaydi va an’anaviy tadqiqot usullarida qolib ketadi. Natijada, qog‘ozda teng huquqli bo‘lgan taraflarning real texnologik imkoniyatlari mutlaqo teng bo‘lmaydi.
Hozirda London xalqaro arbitraj sudi (LCIA) va Xalqaro savdo palatasi (ICC) kabi institutlar raqamli oshkoralikni ta’minlash ustida ishlamoqda. Agarda texnologik ustunlik qarshi tarafning o‘zini himoya qilish huquqini amalda yo‘qqa chiqarsa, bu kelajakda arbitraj qarorini adolatsiz deb topish va uni bekor qilish uchun jiddiy asos bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonda ham huquqiy jarayonlarga SI texnologiyalarini tatbiq etishda mana shunday prosessual muvozanat filtrlarini hisobga olishimiz zarur.
— Yana bir masala — maxfiylik tamoyili. Sizning ilmiy ishingiz ham aynan xalqaro arbitrajda maxfiylik muammolariga bag‘ishlangan edi. Bugungi kunda ommaviy sun’iy intellekt modellariga keys ma’lumotlarini yuklash orqali tijorat sirlarining chiqib ketishi xavfi qanday hal etilyapti?
— O‘zbekistonning «Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida»gi Qonuni 53-moddasida arbitraj jarayonining mutlaqo maxfiyligi belgilangan. Ammo bugungi kunda ko‘plab huquqshunoslar o‘z ishlarini osonlashtirish uchun yopiq yozishmalarni, transchegaraviy shartnomalarni yoki maxfiy moliyaviy hisobotlarni ChatGPT yoki Claude kabi ochiq SI modellariga yuklamoqdalar. Ma’lumotlar tizimga kirgan zanjirda platforma provayderining serveriga borib tushadi va algoritmning keyingi avlodlarini o‘qitish uchun ishlatiladigan umumiy bazaga aylanadi. Bu esa tijorat va korporativ sirlarning uchinchi shaxslarga sizib chiqishiga olib keladi.
Xalqaro amaliyotda bunday xavflarga qarshi ikki tomonlama chora ko‘rilmoqda. Birinchidan, bizning FEMIDA LLC kabi professional konsalting korxonalari ma’lumotlarni tashqi serverlarga uzatmaydigan yopiq, lokal neyron tarmoqlar (Enterprise AI) tizimidan foydalanishga o‘tmoqda. Ikkinchidan, arbitraj shartnomalarini tuzish bosqichida tomonlar ma’lumotlarni ommaviy SI modellariga yuklashni qat’iyan taqiqlovchi maxsus «Raqamli maxfiylik va SI shartlari» (AI Disclosure Clauses) bandlarini kiritishni boshladilar. Milliy yuridik hamjamiyatimiz ham korporativ xavfsizlik uchun ushbu chorani tezroq o‘zlashtirishi lozim.
— SIning arbitraj sohasiga kirib kelishi huquqiy jihatdan qanday risklar yoki cheklovlarni yuzaga keltiradi? Har qanday texnologiyani ham cheklanmagan holda qo‘llash mumkin emasdir?
— Albatta, cheklovlar yetarli. Ma’lumotlar mutaxassislari tilida Big Dataning to‘rtta ustuni bor: Hajm, Xilma-xillik, Tezlik va Haqiqiylik. Bular sun’iy intellektning huquqiy qarorlar qabul qilishdagi ichki cheklovlarini ham belgilab beradi.
Xalqaro tijorat arbitrajining tabiatidan kelib chiqadigan eng katta to‘siq — bu ma’lumotlarning yetishmasligi. Arbitraj jarayonlari aksariyat hollarda maxfiy bo‘lgani uchun qarorlar ommaga e’lon qilinmaydi. E’lon qilinmagan yopiq qarorlar bazasida esa SIni mukammal o‘qitish va aniq modellar yaratish juda qiyin.
Ikkinchidan, SI takrorlanadigan, bir xil andozadagi (repetitive) keyslarda va standart tahlillarda yaxshi ishlaydi. Ammo xalqaro tijorat arbitrajidagi nizolar ko‘pincha noyob, o‘ziga xos va juda murakkab tuzilmaga ega bo‘ladi. Ularni oddiy «ha» yoki «yo‘q» degan qoliplarga solib bo‘lmaydi. Har bir nizo o‘ziga xos tahlilni va insoniy mulohazani talab qiladi.
— Oxirgi paytlarda professional huquqiy hamjamiyatda «sun’iy intellekt inson hakamlar (arbitrlar) o‘rnini egallashi mumkinmi?» degan global bahslar ketmoqda. Bunga munosabatingiz qanday?
— Men bu savolga qat’iy ravishda «yo‘q» deb javob bergan bo‘lardim, hech bo‘lmaganda texnologiyaning hozirgi rivojlanish bosqichida. Ha, bugungi kunda dunyoda arizani topshirishdan tortib yakuniy qarorgacha to‘liq onlayn tarzda SI orqali hal qiladigan platformalar paydo bo‘ldi. Ular juda arzon va tezkor yechimlarni va’da qilmoqda.
Biroq, ishonchlilik va shaffoflik masalasi ochiq qolmoqda. Eng asosiysi — mashinalarda insoniy fazilatlar: empatiya, hissiy tushunish va hayotiy tajriba mavjud emas. Huquqiy nizolarda adolat va tenglikni ta’minlashda bu omillar ko‘pincha hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Shuning uchun SI arbitrlar o‘rnini bosuvchi kuch emas, balki ularga ko‘maklashuvchi eng samarali yordamchi vosita bo‘lib qolishi shart. Yakuniy qaror inson irodasi va tafakkuri nazoratida bo‘lishi lozim.
— Yana bir muhim jihat: huquqshunoslarning professional mas’uliyati va huquqiy evolyusiyaga SIning ta’siri qanday bo‘ladi? Masalan, SIning xato qilishi yoki «gallyusinasiya» holatlari amaliyotda qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?
— Bu juda nozik va jiddiy masala. Agar huquqshunos SI bergan natijalarga ko‘r-ko‘rona ishonib, ularni qayta tekshirmasa, bu kasbiy mas’uliyatsizlikka kiradi. SI gallyusinasiyalari — ya’ni mavjud bo‘lmagan normalar yoki presedentlarni to‘qib chiqarishi amaliyotda ko‘p kuzatilgan. Advokat har qanday holatda ham o‘z ishining yakuniy natijasi va taqdim etayotgan dalillari uchun shaxsan va huquqan javobgardir. SI tizimlaridan foydalanganda ehtiyotkorlik va chuqur tahlil talab etiladi.
Ikkinchi argument esa xalqaro huquqning rivojlanishi bilan bog‘liq. Tarixan xalqaro arbitraj shunchaki nizolarni hal qilish forumi bo‘lmay, xalqaro savdo huquqining (lex mercatoria) evolyusiyasini ta’minlovchi manba bo‘lib kelgan. Arbitrlar qonun normalarini o‘ziga xos tarzda talqin qilib, huquqni boyitadilar. Agar hamma narsa sun’iy intellekt algoritmiga topshirilsa, huquqiy argumentlarning xilma-xilligi yo‘qoladi, insoniy ijodkorlik cheklanadi va natijada xalqaro huquqning tabiiy rivojlanish jarayoni to‘xtab qolishi mumkin.
— O‘zbekiston nuqtayi nazaridan olib qaraganda, mamlakatimizda investisiya muhitini yaxshilash va xalqaro arbitrajni rivojlantirishda SIning o‘rni qanday bo‘lishi kerak? Bizda bu borada huquqiy baza yaratilganmi?
— O‘zbekistonda bu borada tizimli islohotlar olib borilmoqda. Davlatimiz xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va xorijiy investisiyalarni jalb qilishda xalqaro tijorat arbitrajining rolini yaxshi anglaydi. Bizda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishning huquqiy va institusional asoslari yaratilgan, xususan, Prezidentimizning PQ-4996-sonli qarori hamda «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Shuningdek, 2026 yilning yanvar oyida O‘zbekistonda turli sohalarda, shu jumladan huquqiy jarayonlarda sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish, shaffoflik va ma’lumotlar himoyasini tartibga soluvchi yangi qonun qabul qilindi.
Bu islohotlar O‘zbekistonning investisiya jozibadorligini oshirish bilan birga, nizolarni hal qilish mexanizmlariga ham yangicha yondashuvni talab qiladi. Men O‘zbekiston xalqaro arbitraj hamjamiyatida yetakchi yurisdiksiyalarning biriga aylanishi uchun bir nechta tavsiyalarni ilgari surgan bo‘lardim:
Kelajak insoniy tajriba va texnologik taraqqiyotning o‘zaro muvozanatli hamkorligiga asoslanadi. Sun’iy intellekt bizning ishimizni osonlashtirishi, tezlashtirishi mumkin, biroq u hech qachon inson odilligi va qonun ustuvorligi prinsiplarining o‘rnini bosa olmaydi.
Jaloliddin Ismatov suhbatlashdi.