Avgust oyi boshidan buyon so‘m dollarga nisbatan sezilarli darajada mustahkamlanishga ulgurdi. Xususan, yil boshidan iyul oyining oxirigacha so‘m kursi dollarga nisbatan deyarli o‘zgarmagan bo‘lsa (0,01 foizga qadrsizlangan), avgust oyining o‘zida so‘m dollarga nisbatan 1,9 foizga mustahkamlandi.
Ta’kidlash kerakki mazkur davrda aksariyat valyutalar dollarga nisbatan mustahkamlanmoqda. Xususan, oy boshidan buyon tanlab olingan 39 ta valyutadan 28 tasi dollarga nisbatan mustahkamlangan hamda faqatgina 5 tasining qadrsizlanishi kuzatilgan (qolgan deyarli barchasi belgilanadigan valyutalar).
Bu davrda dollarga nisbatan eng yuqori mustahkamlangan valyuta Koreya voni bo‘lib oy boshidan buyon von 4 foizga mustahkamlangan. Shuningdek, tenge 3,5 foizga mustahkamlangan.
Umuman olganda, so‘mning avgust oyidagi mustahkamlanishi global tendensiyalarga mos kechmoqda.
Hozircha avgust oyidagi eksport (ayniqsa oltin narxi o‘sishi fonida oltin eksporti), investisiya, pul o‘tkazmalari, tashqi qarz oqimi kabi ko‘rsatkichlar bo‘yicha ma’lumotlar mavjud emas. Bu omillar ham tabiiyki katta rol o‘ynayotgan bo‘lishi mumkin (buni keyinroq bilib olamiz).