Qo‘shma Shtatlar rasmiylari avvalgi ma’muriyatlar, jumladan, Jo Bayden davrida nohaq jinoiy yoki siyosiy ta’qibga uchragan shaxslarga tovon puli to‘lash uchun 1,8 milliard dollarlik maxsus fond tashkil etishni muhokama qilmoqda.
Bu haqda CNN telekanali o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, fondni tashkil etish g‘oyasi Donald Trampning advokatlari va AQSh Adliya vazirligi o‘rtasidagi muzokaralarda ko‘rib chiqilmoqda. Bu muzokaralar Trampning mamlakat Soliq xizmatiga (IRS) qarshi kiritgan 10 milliard dollarlik da’vo arizasini o‘zaro hal qilish doirasida olib borilyapti.
Telekanalning qayd etishicha, kelishuv tafsilotlari hali to‘liq rasmiylashtirilmagan, biroq fond tashkil etilishi haqidagi rasmiy bayonot shu haftadayoq e’lon qilinishi mumkin.