Bugun 17 oktyabr, 2025 yil, juma

КИР

AQShda Abu Rayhon Beruniy siymosi aks etgan yodgorlik ochildi

A A A
AQShda Abu Rayhon Beruniy siymosi aks etgan yodgorlik ochildi

O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi old qismida buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy haykali o‘rnatildi.

Haykalning tantanali ochilish marosimida AQSh hukumati, Oq uy, Davlat departamenti, diplomatik korpus, «aql» markazlari ekspertlari, ishbilarmon doira va yetakchi OAV vakillari qatnashdi.

Vashingtonda qad rostlagan Abu Rayhon Beruniy haykali «Amirsoy» tog‘-chang‘i kurorti homiyligi asosida o‘zbekistonlik haykaltarosh ustalar tomonidan yasalgan.

Tadbir avvalida qatnashchilarga Abu Rayhon Beruniy faoliyati va olim merosining jahon sivilizasiyasida tutgan o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi. Haykalning ochilishi nafaqat buyuk o‘zbek olimining tarixiy ahamiyatini ulug‘lash, balki O‘zbekiston-AQSh o‘rtasidagi yanada mustahkamlanib borayotgan hamkorlikning timsoli bo‘lishi qayd etildi.

O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va targ‘ib qilish butunjahon jamiyati ilmiy kengashi a’zosi Federik Starr anjumandagi nutqida Abu Rayhon Beruniy faoliyati va ijodi, uning jahon sivilizasiyasiga qo‘shgan muhim hissasi haqida batafsil ma’ruza qildi.

«Abu Rayhon Beruniy Xristofor Kolumb Amerikani kashf qilishidan 500 yil avval okean ortida qit’a borligini aytgan», - dedi u.

Ishtirokchilar Beruniy shaxsi va merosiga AQShda ko‘rsatilgan ehtirom haqida fikr bildirishar ekan, ushbu haykal nafaqat O‘zbekistonning faxrli o‘tmishi, balki mamlakatning yorqin kelajagini ham ramziy ifodasi ekanini ta’kidladilar.

AQSh vakillarining aytishicha, Vashingtondagi boshqa davlatlar elchixonalaridan farqli holda O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasi oldida siyosatchi yoki harbiy sarkardalarni emas, aynan yetuk olim haykalining o‘rnatilishi mamlakatning ta’lim, ilm-fan va innovasiyalarga e’tiboridan darak beradi. Qayd etilishicha, ushbu loyiha O‘zbekistonning ko‘p asrlik madaniyati, uzoqni ko‘zlagan zamonaviy tashqi siyosatini va, albatta o‘zbek xalqining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini ifodalaydi.

Tadbir yakunida, uning ishtirokchilariga Federik Starr qalamiga mansub Abu Rayhon Beruniy va zamonaviy tibbiyot otasi hisoblangan Abu Ali ibn Sino hayoti va ijodiga bag‘ishlangan «Zamonasining daholari: Ibn Sino, Beruniy» kitoblari sovg‘a qilindi.

Kiritildi: 20:40 23.01.2024. O'qildi: 1494 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!