Bugun 1 noyabr, 2024 yil, juma

КИР

AQSH-Xitoy raqobati: Tinch okeanida vaziyat qanday o‘zgaryapti?

AQSH-Xitoy raqobati: Tinch okeanida vaziyat qanday o‘zgaryapti?

Dunyoning boshqa mintaqalarida bo‘lgani kabi Tinch okeanida ham AQSh va Xitoyning o‘zaro raqobati kuchayib boryapti. Qo‘shma Shtatlar Tinch okeanida o‘z harbiy mavjudligini kengaytirishini e’lon qildi. Xo‘sh, bunga Xitoyning javobi qanday bo‘ladi? Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturi bu mavzudagi savollar bilan Xitoy va Janubi-sharqiy Osiyo bo‘yicha mutaxassis Hikmatilla Kazakbayevga yuzlandi.

AQShning Tinch okeani orollari bilan bog‘liq siyosatining global geosiyosatda o‘rni qanday?

— AQSh katta Jorj Bush, Klinton va asosan Obama davrida Osiyo Tinch okeanidagi siyosatini qayta ko‘rib chiqa boshladi. Oldingi davrlarda AQSh uchun Yaqin Sharq va Yevropa ustuvorlik kasb etar edi. Obama, Tramp davrida ham asosiy urg‘u Osiyo Tinch okeani mintaqasiga qaratilgan. Chunki AQSh kelajakdagi ehtimoliy to‘qnashuvlar aynan Osiyo Tinch okeanida bo‘ladi degan qarashlari bor. Yana bitta asosiy sabablardan biri 2022 yilda qabul qilingan Milliy xavfsizlik strategiyasi. Bayden ma’muriyati shu strategiyada AQShning yagona raqobatchisi Xitoy deb ko‘rsatgan, Rossiyani tiyib turish kerak, lekin asosiy e’tiborni Xitoyga qaratish kerak, deyilgan. Kelajakdagi xalqaro munosabatlardagi asosiy nuqta Osiyo Tinch okeani bo‘ladi AQSh uchun. Asosiy sababi, Xitoyning harbiy salohiyati oshib borayotgani. Endi AQSh bor e’tiborini shu mintaqaga qarata boshladi. Ikkinchi jahon urushida Yaponiya bilan urush ham shu yerdagi AQSh bazalari atrofida bo‘lgan. Hozir Yaponiya AQShning ittifoqchisi, lekin endi Xitoy bor. Sharqiy Yevropadagi inqirozdan so‘ng AQSh Rossiyani o‘zining asosiy raqobatchisi sifatida ko‘rmay qo‘ydi, Ukraina urushi Rossiyani ancha kuchsizlantirdi.

Hozirda AQShning eng katta floti Tinch okeani floti, 250 ming harbiylari bor. Bu flotda 200 ta harbiy kema bor, bu AQShning dengiz qo‘shinlari salohiyatining 70 foizi degani. Shundan ham ko‘rish mumkinki, AQSh bu mintaqaga katta e’tibor qaratyapti. 2022 yildan 2025 yilgacha Guamda yana bitta harbiy baza qurish qarori qabul qilindi, oldin ham 2 ta harbiy baza bor edi Guamda. O‘sha yili Filippin bilan harbiy bazalar to‘g‘risida kelishuv imzolandi. AQSh Filippinga tegishli 5 ta harbiy bazadan foydalanar edi, yangi kelishuvga ko‘ra, AQSh Filippinda 4 ta yangi harbiy baza quradi. Xitoy atrofida AQSh harbiy bazalari ko‘payib boshladi. Tailandda bor, Vyetnam bilan harbiy ittifoqi bor, Malayziyaga harbiy yordam ko‘rsatadi, Yaponiya, Janubiy Koreya, Filippinda harbiy bazalari bor. Bularning barchasi kelajakdagi ehtimoliy to‘qnashuvlarga tayyorlanish. To‘qnashuv nuqtalari birinchi navbatda Tayvan va Janubiy Xitoy dengizidagi orollar bo‘ladi.

Shu o‘rinda AUKUS faktoriga ham to‘xtalsak?

— O‘tgan asr 50 yillarda SSSRga qarshi turli ittifoqlar tuzilgan, 1951 yilda Avstraliya, Yangi Zelandiya, AQSh ittifoqi tuzilgan (ANZUS). Ittifoqdan maqsad Okeaniya mintaqasida SSSR va Xitoy ta’sirini pasaytirish bo‘lgan. ANZUS tufayli Avstraliya va Yangi Zelandiya Afg‘oniston, Iroq urushlarida qatnashishga majbur bo‘lgan.

Xitoyning Osiyo Tinch okeani mintaqasidagi davlatlar bilan yaqinlashish siyosati bor edi. 2019 yili Solomon orollari Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzib, Xitoy bilan diplomatik aloqalar o‘rnatdi. 2020-2021 yillarda Xitoy va Solomon orollari muzokaralar o‘tkazgan, unga ko‘ra, Xitoy Solomon orollariga tegishli hududda o‘z harbiy kemalarini joylashtirish va ballistik raketalar sinovini o‘tkazish huquqi bo‘yicha. Bu yerda AQSh va Angliyaning yaqin ittifoqchisi Avstraliya joylashgan, bu esa unga xavf hisoblanadi. Shu fonda 2021 yil avgust oyida AUKUS ittifoqi tuzildi Xitoyga javoban. AUKUS doirasida Avstraliya orqali mintaqada Xitoyning ta’sirini kamaytirish ko‘zda tutilgan. Bu ittifoq tufayli Avstraliya atom suvosti kemalarini qurish huquqiga ega bo‘ldi. Bu shartnoma Fransiya bilan tuzilishi kerak edi, lekin Avstraliya Fransiya bilan muzokaralarni to‘xtatib, AQSh bilan shartnoma qildi. Bu yerda ko‘proq AQShning qurol-yarog‘ lobbisi ta’siri bo‘ldi. Ikkinchidan, baribir Xitoyning harbiy mavjudligi Avstraliya uchun xavf, shu sabab muzokaralar to‘xtatildi va AUKUS tuzildi.

AQSH, Avstraliya, Yaponiya, Hindiston ishtirokidagi QUAD'ning tuzilishiga asosiy sabab ham Tinch okeani mintaqasida Xitoyni tiyib turish bo‘lgan, bunga qo‘shimcha tarzda AUKUS tuzildi. Maqsad — Xitoyning mintaqada erkin harakatlanishini butunlay cheklash.

Ushbu kelishuvlar Xitoyning mintaqadagi ta’siri bilan qanday raqobatlashadi?

— Tarixiy nuqtai nazardan mintaqada AQSh ustunligi bor. Tinch okeani mintaqasi Ikkinchi jahon urushigacha AQSh va Yaponiya nazoratida bo‘lgan, undan keyin esa Yaponiya ta’siridagi hududlar ham AQSh nazoratiga o‘tdi va o‘z-o‘zidan mintaqa AQSh ta’siriga tushdi. Masalan, Tayvanni tan oladigan davlatlarning 90 foizi Tinch okeani mintaqasida joylashgan. Mintaqadagi orol davlatlar Tayvan bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan, Xitoy bilan esa yo‘q. Ya’ni Xitoyning harakatlarida ham sabablar bor. 13 taga kamaydi Tayvan bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan davlatlar soni. Mintaqadagi kichik davlatlarga Xitoy o‘zining iqtisodiy yordamlarini taklif qilib, diplomatik aloqalar o‘rnatib, Tayvanni tan olmaslik masalasi qo‘yilyapti. Xitoyning mintaqaga kirib borishi esa AQShga yoqmaydi, o‘z ta’siridagi hudud deb hisoblashadi. AQShga keladigan asosiy xavf Tinch okeanidan bo‘ladi, Atlantika okeanida o‘zining ittifoqchilari bor.

AQSh kelajakda 3 ta aviatashuvchi kemani Osiyo Tinch okeani mintaqasiga joylashtirmoqchi, bu ham Xitoy ta’sirini pasaytirish uchun bo‘ladi. Xitoyning o‘zi ham harakat boshlagan, kichik davlatlar bilan iqtisodiy aloqalar o‘rnatib, keyinchalik harbiy ishtirokka ham aylanishi ko‘zlanyapti.

AQShning Tinch okeani orollarida harbiy mavjudligiga Xitoyning ehtimoliy javobi qanday bo‘ladi?

Xitoy o‘zining strategiyasiga ko‘ra, Janubiy Xitoy dengizidagi 9 lik liniyadagi hududlarni egallashi kerak 2035 yilgacha — bu ekspertlarning fikri, Xitoy tomonidan rasmiy aytilmagan. Birinchi navbatda Tayvan bilan sodir bo‘ladi, tahlilchilar 2025 yilda Tayvanni qo‘shib olishga harakatlar boshlanishini aytgandi, endi 2027 ham deyilyapti Sharqiy Yevropa inqirozi, Xitoydagi iqtisodiy o‘sish pasayishi sabab. 2035 yildan keyin AQShning harbiy bazalariga yaqinlashish vazifasi bo‘ladi. XXR tashkil topganiga 100 yil to‘lishi arafasida Guamgacha yaqinlashishi kerak, ya’ni 2049 yilgacha. Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri AQShga xavf bo‘ladi. Xitoyning harbiy qudratini oshirish va mintaqadagi AQSh ta’siridagi davlatlarni o‘ziga og‘dirish asnosida bo‘ladi, aytganimizdek, bu ishlar iqtisodiy yordamlar hisobiga bo‘ladi.

2023 yil 8 martda e’lon qilingan xabarga ko‘ra, AQSh Tinch okeanidagi Marshall orollari, Mikroneziya, Palau orollariga 20 yil davomida 7,1 mlrd dollar ajratadi va shu vaqt ichida AQSh mana shu hududlardagi dengizda harbiy kemalarini saqlash, ballistik raketalar sinovini o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritdi. Kichik orol davlatlar bo‘lsa-da, ularga tegishli dengiz hududlari ancha katta. Shu nuqtai nazardan AQSh bu hududda harbiy ustunlikka ega bo‘ladi, bu esa Xitoyga yoqmasligi aniq.

Kiritildi: 13:35 18.03.2024. O'qildi: 1163 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!