Iroq Bosh vaziri mamlakat razvedka xizmati va Qo‘shma Shtatlar boshchiligidagi koalisiya qo‘shinlari hamkorlikda “Islomiy davlat” (ISHID) terrorchilik guruhining Iroq va Suriyadagi yetakchisini yo‘q qilganini e’lon qildi.
Mahalliy hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, Abu Xadidja nomi bilan tanilgan Makki Muslih ar-Rifo, ya’ni Abu Xadidja, "Iroq va butun dunyodagi eng xavfli terrorchilardan biri" bo‘lgan.
Operasiya haqida AQSh prezidenti Donald Tramp ham Truth ijtimoiy tarmog‘ida izoh qoldirdi. Shuningdek, AQSh Qurolli kuchlarining Markaziy qo‘mondonligi X platformasida hujum videosini joyladi. Unga ko‘ra, bu havo zarbasi payshanba kuni Iroqning g‘arbiy qismidagi Al-Anbar viloyatida amalga oshirilgan.
Amerika harbiylarining ta’kidlashicha, Abu Xadidja nomi bilan tanilgan Makki Muslih ar-Rifo ISHIDning butun dunyodagi operasiyalari, logistikasi va rejalashtirish ishlariga mas’ul bo‘lgan.