Vashington va Filippin qo‘shinlari yillik "Balikatan" harbiy mashg‘ulotlari doirasida Tayvandan atigi 160 kilometr uzoqlikda joylashgan Batanes provinsiyasida "NMESIS" kemalarga qarshi raketa tizimini namoyish etdi. Ushbu yuqori harakatchan majmua masofadan boshqariladigan bo‘lib, 185 km masofadagi dengiz nishonlarini yerdan turib urishga mo‘ljallangan. Raketa tizimi Batanes oroliga AQShning C-130 transport samolyotida olib kelindi.
Filippin harbiylarining ta’kidlashicha, bundan ko‘zlangan maqsad — qurol-yarog‘larni chekka hududlarga tezkor joylashtirish imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazish va ittifoqchilar bilan birgalikda hududiy mudofaani mustahkamlashdir. Mashg‘ulotlar yakunlangach, tizim oroldan olib chiqib ketiladi.
AQSh qurollarining ushbu hududda paydo bo‘lishi Pekinning keskin e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Xitoy tomoni bunday harakatlarni mintaqadagi keskinlikni oshiruvchi va mamlakatni qurshab olishga qaratilgan strategiyaning bir qismi deb hisoblaydi.
Tahlilchilarning fikricha, "NMESIS" tizimi Luson bo‘g‘ozida Xitoy harbiy ishtirokini tiyib turuvchi muhim omilga aylanishi mumkin. Joriy yilgi harbiy o‘yinlarda 17 000 dan ortiq askar ishtirok etmoqda. Filippin hukumati Tayvan atrofidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda va nizo kelib chiqqan taqdirda o‘z fuqarolarini evakuasiya qilish rejalari ustida ishlayotganini ma’lum qilgan.