G‘arbdagi hamkorlar, jumladan AQSh Ukrainani navbatdagi marta Rossiya Kiyev bo‘ylab ballistik raketalar bilan zarba berishga tayyorlanayotgani haqida ogohlantirmadi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ukrainalik harbiylar Rossiya raketalarini faqat poytaxtga yaqinlashib qolganida payqashgan. So‘nggi zarbaning asosiy nishoni 4-sonli issiqlik elektr stansiyasi bo‘lgan, bu Kiyevdagi asosiy energetika ob’ektlaridan biridir.
Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari spikeri Yuriy Ignatning aniqlik kiritishicha, Rossiyaning 14 oktyabrga o‘tar kechasi uyushtirgan hujumi vaqtida hamkorlar Ukrainani dastlabki ballistik raketalar uchirilgani haqida xabardor qilmagan, lekin keyingi uchta zarba to‘lqini oldidan Ukraina tomoni tegishli ogohlantirishlarni qabul qilgan.
Avvalroq Zelenskiy Ukrainaga 12 oktyabrga o‘tar kechasi Rossiyaning Kiyev bo‘ylab raketa zarbasi haqida razvedka ma’lumotlari yetkazilmaganini aytgandi.
"Rossiya ballistik raketalari uchirilgani haqidagi razvedka ma’lumotlari odamlar hayotini saqlab qolishga yordam beradi va bu eng muhim masalalardan biridir. Aynan ballistika haqida ogohlantirish qotilliklarning oldini olishga yordam beradi", – dedi Ukraina yetakchisi.
Politico nashri ma’lumotiga ko‘ra, AQSh Ukrainani 12 oktyabrga o‘tar kechasi ob-havo yomon bo‘lgani tufayli Kiyev bo‘ylab raketa zarbasi haqida ogohlantira olmaganini bildirgan. Ukraina hukumatidagilar “gap bunda emasligi”dan xavotirda.
Kecha AQSh prezidenti Donald Tramp jurnalistning Vashington Kiyev bilan razvedka ma’lumotlari almashinuvini to‘xtatgani qanchalik to‘g‘ri ekani haqidagi savoliga javoban "bunday emasligi"ni aytgan. Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, avvalroq Vashington agar Kiyev Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalarni to‘xtatmaydigan bo‘lsa, Ukraina bilan razvedka ma’lumotlari almashinuvini to‘xtatishi haqida ogohlantirgan.