AQSh Rossiyaning yaqinlashayotgan ballistik raketalari haqidagi razvedka ma’lumotlarini Ukrainaga uzatishni qayta tikladi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ma’lumot almashinuvi bir necha kunga to‘xtatilgan edi. Avvalroq Rossiyaning Kiyev va boshqa shaharlarga bergan zarbalaridan keyin Zelenskiy Ukraina hamkorlaridan oldindan ogohlantirish olmaganidan shikoyat qilgan va bu insonlar hayotini xavf ostiga qo‘yayotganini ta’kidlagan edi.
AQSh razvedka ma’lumotlari Ukraina harbiylariga Rossiya raketalarining tayyorlanishi va uchirilishini, samolyotlarning parvozlarini hamda ehtimoliy hujum nishonlarini oldindan aniqlashga yordam beradi. Biroq uzatilayotgan ma’lumotlarning aniq hajmi oshkor etilmagan.
Zelenskiy NBC telekanaliga bergan intervyusida AQSh prezidenti Donald Trampni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yanada yaqinlashishdan ogohlantirdi. U bunday qadamni «tarixiy xato» deb atadi.
Shu bilan birga, Ukraina rahbari Vashington bilan hamkorlikni davom ettirishga umidini yo‘qotmaganini ta’kidladi.
Kiyev va Vashington o‘rtasidagi munosabatlar Tramp ma’muriyati Rossiyaga qarshi sanksiyalarning ayrimlarini vaqtincha to‘xtatish va Rossiya dizel yoqilg‘isini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishish to‘g‘risida qaror qabul qilganidan keyin keskinlashgan edi.