AQSh senatori Berni Sanders G‘azodagi gumanitar inqiroz “tavsiflab bo‘lmaydigan darajaga” yetganini aytdi va Vashingtonni Isroilga harbiy yordamni to‘xtatishga chaqirishini yana bir bor takrorladi.
Ijtimoiy tarmoqda e’lon qilgan videomurojaatida Sanders qurbonlarning asosiy qismi ayollar, bolalar va qariyalar ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, eksklavdagi uy-joylar, suv ta’minoti, maktablar, universitetlar va boshqa infratuzilmalar deyarli butunlay vayron bo‘lgan.
Senatorning ta’kidlashicha, Isroil armiyasi olib borayotgan blokada oziq-ovqat yetkazib berishga to‘sqinlik qilmoqda.
“Yuzlab odamlar ochlikdan o‘lmoqda. Biz shunday darajaga yetdikki, hatto bolalar ham ochlikdan halok bo‘lmoqda”, — dedi u.
Sanders shuningdek, bir necha oydan beri AQShning bosh vazir Binyamin Netanyaxu ma’muriyatiga harbiy yordam ko‘rsatishiga qarshi chiqib kelayotganini ham eslab o‘tdi.
“Amerika xalqi soliqlaridan tushgan milliardlab dollarlar Isroil hukumatiga G‘azodagi bolalarni och qoldirish uchun sarflanishini istamaydi”, — deya so‘zini yakunladi senator.