AQSh ma’muriyati Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ustida ishlashni davom ettirmoqda. Bu haqda davlat kotibi Marko Rubio matbuot anjumani chog‘ida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Oq uy yuriskonsulti idorasi qonun loyihasi tafsilotlarini kelishish uchun senator Lindsi Grem idorasi bilan faol hamkorlik qilgan.
Senator Grem esa loyiha Kongressda qo‘llab-quvvatlanayotgani va qabul qilinish arafasida ekanini bildirgan.
Rubioning ta’kidlashicha, AQSh prezidenti tashabbusni ma’qullagan va hozirda barcha tomonlar uchun maqbul bo‘lishi kerak bo‘lgan ta’riflar muhokama qilinmoqda. Yaqinda Rossiya neftini sotish uchun lisenziyalar berilganiga qaramay, sanksiya bosimi siyosati o‘z kuchida qolmoqda.
Amerika-Isroilning Eronga qarshi operasiyasi boshlanganidan beri butun dunyo bo‘ylab yoqilg‘i narxi ko‘tarila boshladi. Fevral oyi oxiridan beri davom etayotgan mojaro arab mamlakatlaridan neft va suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib berish uchun muhim yo‘nalish bo‘lgan Ormuz bo‘g‘ozining to‘sib qo‘yilishiga olib keldi. Bunday vaziyatda AQSh hukumati jahon bozorida yoqilg‘i tanqisligining oldini olishga intilmoqda.