Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiyaning yadro quroli bilan o‘tkazayotgan mashg‘ulotiga javob berishning hojati yo‘qligini ma’lum qildi.
“RIA Novosti” yozishicha, Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayder “Qo‘shma Shtatlar Rossiya strategik yadroviy tiyib turish kuchlari ishtirokidagi mashqlarga javoban o‘z zaxirasi holatiga o‘zgarish kiritish zaruratini ko‘rmayotgani”ni aytgan.
– Ushbu rejadagi muntazam mashg‘ulot hech qanday kutilmagan hodisa emas, – degan u brifingda. – Biz Rossiya strategik vositalari harakati asnosida kuchlarimiz joylashuvini o‘zgartirish uchun hech qanday zarurat ko‘rmadik.
Xabar qilinganidek, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin strategik yadroviy tiyib turuvchi kuchlar o‘quv mashg‘uloti o‘tkazishni buyurgan. Davlat rahbari Kremldagi vaziyat markazida turib, mashqni video havola orqali kuzatib turgan.