«Nyu-York Tayms» xabariga ko‘ra, AQSh Eron bilan keskinlik kuchayishi ortidan Yaqin Sharqdagi ayrim bazalaridan qo‘shinlarining bir qismini evakuasiya qilishni boshlagan.
Yuzlab amerikalik harbiylar Qatardagi «Al-Udeyd» aviabazasi hamda AQSh Dengiz kuchlarining Beshinchi floti joylashgan Bahrayndagi harbiy inshootlarni tark etgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu bazalarda 30–40 ming nafargacha AQSh harbiysi xizmat qiladi. AQSh Markaziy qo‘mondonligi ehtimoliy ballistik raketa tahdidlariga qarshi himoya maqsadida mintaqada ikkita avianosesni ushlab turibdi.
20 fevral kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Eronni kelishuvga majburlash maqsadida cheklangan zarba berish variantini ko‘rib chiqayotganini bildirgan. Oq uy vakillari bunday qaror uchun «ko‘plab asoslar» mavjudligini ta’kidlagan.