Bu haqda Qo‘shma Shtatlar davlat kotibi Marko Rubio Kongressdagi tinglovlar vaqtida ma’lum qildi.
"Qo‘shma Shtatlar NATO tarkibida qolmoqda va biz alyans doirasidagi masalalarni muhokama qilish uchun Turkiyada bo‘lamiz. Prezident Tramp NATO davlat rahbarlarining navbatdagi uchrashuvida shaxsan qatnashadi", — dedi davlat kotibi.
Rubioning ta’kidlashicha, Anqaradagi sammit NATO tarixidagi eng muhim uchrashuvlardan biriga aylanishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, sammit davomida alyans faoliyatiga oid muhim masalalar muhokama qilinadi hamda “aniqlashtirilishi va tuzatilishi kerak bo‘lgan” jihatlar ko‘rib chiqiladi.
"Qo‘shma Shtatlar NATO a’zosi bo‘lib qoladi, biroq alyans muhim o‘zgarishlarga muhtoj", — dedi u.
NATO sammitida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham ishtirok etadi. U 3 iyun kuni Kiyevda NATO. osh kotibi Mark Ryutte bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida sammitga borishini tasdiqlagan.
7–8 iyul kunlari Anqarada o‘tkaziladigan NATO sammitida Trampning ishtiroki hozirgacha rasman tasdiqlanmagandi. AQSh prezidenti alyansdagi ayrim hamkorlarning harakatlaridan norozi ekanini bir necha bor bildirgani sababli uning sammitda qatnashishi savol ostida qolayotgandi.