AQSh prezidentining maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner Moskva va Kiyev bilan qish arafasida hamda qish davomida keskinlikni pasaytirish bo‘yicha ehtimoliy qadamlarni muhokama qilishdi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Axios nashriga ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Uitkoff va Kushnerning maqsadlaridan birinchisi Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarini blokdan chiqarish bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchisi — kelayotgan qishni Rossiyaning Ukraina energetika infratuzilmasiga qilgan hujumlari orqali urush keskinlashgan oldingi qishlarga o‘xshamasligiga harakat qilish edi.
"Ishonchim komilki, Rossiya oldingi yillardagi kabi kuz-qish davrida Ukraina energetikasiga faol hujum qilishni rejalashtirmoqda. Biroq, shu bilan birga, Vladimir Putin Donald Trampni xafa qilishni xohlamaydi hamda muzokaralarni oldinga siljitish bo‘yicha g‘oyalarni muhokama qilishga tayyor", — dedi Zelenskiy.
Stiv Uitkoff va Jared Kushner 5 sentyabr kuni Moskvaga, 6 sentyabrda esa Kiyevga tashrif buyurishdi. Bu ularning urush boshlanganidan beri Ukraina poytaxtiga ilk tashrifi edi. Muzokaralar yakuniga ko‘ra, tomonlar biror-bir jiddiy yutuqlar yoki siljishlar haqida ma’lum qilishmadi. Zelenskiy Uitkoff va Kushner bilan uchrashuvdan so‘ng, urushni yil oxirigacha to‘xtatish imkonsiz ekanligini tan oldi.