AQShning Federal aloqa komissiyasi (FCC) Xitoyda ishlab chiqarilgan gumanoid robotlardan foydalanishni taqiqlashini e’lon qildi. Komissiya bunday texnologiyalar mamlakat milliy xavfsizligi uchun «qabul qilib bo‘lmaydigan xavf» tug‘dirishini bildirdi.
FCC ma’lumotiga ko‘ra, cheklovlar «xorijda ishlab chiqarilgan ilg‘or robototexnika qurilmalari»ga nisbatan qo‘llaniladi. Taqiq nafaqat gumanoid robotlar, balki hayvonlarga taqlid qiluvchi robotlashtirilgan platformalar, jumladan to‘rt oyoqli robotlarni ham qamrab oladi.
Komissiya izohiga ko‘ra, bunday qurilmalar katta hajmdagi ma’lumotlarni yig‘ish imkoniyatiga ega. AQSh hokimiyati fikricha, ushbu ma’lumotlar Amerika fuqarolarini kuzatish, xorijiy maxsus xizmatlar imkoniyatlarini kengaytirish yoki robotlarni masofadan turib boshqarish orqali g‘arazli maqsadlarda foydalanilishi mumkin.
Mazkur qaror prezident Donald Tramp ma’muriyatining Xitoy texnologiyalarining Amerika bozoridagi ishtirokini cheklash va milliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng qamrovli siyosati doirasida qabul qilindi.
Robototexnikadan tashqari, FCC qayta tiklanuvchi energiya ob’ektlari, akkumulyator tizimlari va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini elektr tarmoqlariga ulashda qo‘llaniladigan xorijda ishlab chiqarilgan quvvat invertorlarini ham taqiqladi.
Oq uy ushbu choralar Amerika texnologiyalari rivojini rag‘batlantirishi va kompaniyalarni ishlab chiqarishni AQSh hududiga ko‘chirishga undashiga umid qilmoqda.
O‘tgan hafta FCC harbiy toifadagi ayrim xorijiy dronlar importini taqiqlash tashabbusini ham dastlabki tarzda ma’qulladi. Amerika ommaviy axborot vositalari ma’lumotiga ko‘ra, bu qaror birinchi navbatda Xitoy ishlab chiqaruvchilari mahsulotlariga taalluqli.
Bundan tashqari, 16 iyuldan boshlab AQShda regulyatorning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan bir qator Xitoy kompaniyalarining qo‘shimcha uskunalarini import qilish ham taqiqlangan.