AQSh Shimoliy qo‘mondonligi ikki mamlakat o‘rtasidagi qo‘shma rejalashtirilgan tadbirlar doirasida Meksika chegarasiga taxminan 500 askar joylashtirdi.
Bu haqda Meksika Tashqi ishlar vazirligi va Harbiy-dengiz kuchlari vazirligining qo‘shma bayonotida e’lon qilindi.
AQSh qo‘shinlari Texasning Rio-Grande vodiysi hududida "Burning Vanguard" operasiyasi doirasida joylashtirilgan. Meksika rasmiylari ushbu harakatlar chegara xavfsizligini mustahkamlash va potensial tahdidlarni aniqlash qobiliyatini oshirishga qaratilganligini ta’kidladilar.
O‘z navbatida, Meksika dengiz floti "Saber" operasiyasi doirasida Tamaulipasdagi Matamoros chegara shahriga 159 askar, 11 ta transport vositasi va ikkita dron joylashtirdi.
Mexiko shahri ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik suverenitetga hurmat va o‘zaro ishonchga asoslanganligini ta’kidladi. Meksika dengiz floti shimoliy chegarani patrul qilishda davom etadi va tomonlar o‘rtasida o‘rnatilgan kanallar orqali ma’lumot almashinadi.